“Chortoq” suvombori atrofida ham turizm kompleksi quriladi
Jamiyat
−
16 Sentabr 2025 4793 2 daqiqa
Namangan viloyatidagi “Chortoq” suvombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinadi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Jahon banki bilan O‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida joriy yilda “Furqat” bog‘i rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi, Chortoqsoy bo‘ylab 11 kilometr uzunlikda piyodalar va velosiped eko-yo‘laklari quriladi.
Jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirg‘oqlarining 7 kilometri betonlashtirilib, 30 gektar yer foydali maydonga aylantiriladi.
Bu yerdagi ko‘p yillik bog‘lar bilan uyg‘un holda sanatoriy tipidagi yirik servis ob’ektlari barpo etiladi. “Chortoq” suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinadi.
Yana bir yirik loyiha – Pop tumanidagi Arashan ko‘li atrofida 1200 gektar maydonda yiliga 1 million sayyohni qabul qiladigan yirik turizm kompleksi barpo etiladi.
Turizm sohasidagi katta loyihalar uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qo‘shma fakultet tashkil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatidagi Ohangaron suvombori atrofida kamida 600 nafar sayyohni qabul qila oladigan yangi maskan barpo etilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi