BMT Trampning G‘azo bo‘yicha rejasiga munosabat bildirdi
Olam
−
06 fevral 7471 2 daqiqa
Kecha, 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) yig‘ilishida tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azoda aholining majburiy ko‘chirilishi haqidagi tashabbusiga javoban ushbu hududda etnik tozalashning oldini olish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Antoniu Guterrishga ko‘ra, odamlarni majburan ko‘chirish xalqaro huquqqa ziddir. Inson huquqlari himoyachilari etnik tozalash kabi g‘oyalarni qoralaydi.
“Yechim yo‘llarini izlashda biz muammoni yanada og‘irlashtirmasligimiz kerak. Xalqaro huquq asoslariga sodiq qolish muhim. Etnik tozalashning har qanday shakliga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Shuningdek, ikki davlat g‘oyasi bo‘yicha pozitsiyani yana bir bor tasdiqlash zarur”, deydi Guterrish yig‘ilishda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan yarim million nafar qochqin G‘azoning shimoliy hududlariga qaytgan va BMT ularning ehtiyojlarini qondirish uchun sa’y-harakatlar olib bormoqda.
BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik G‘azoda minglab odamlar ocharchilikdan aziyat chekayotganini va ushbu hududdagi falastinliklarga turarjoy taqdim etish zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari, u G‘azoda barqaror sulhga erishish va barcha mahbuslarni ozod qilish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishning muhimligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilib, G‘azo aholisining kelajagi haqida bir qator bayonotlar bergandi. Netanyaxu bilan muzokaralar oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida Tramp falastinliklarni G‘azodan zo‘ravonlikdan qo‘rqmasdan yashashlari mumkin bo‘lgan joylarga doimiy ravishda ko‘chirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Binyamin Netanyaxuni Oq uyda kutib olgan Tramp o‘zi va uning jamoasi G‘azo aholisini joylashtirish imkoniyatlarini Iordaniya, Misr va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan qayta muhokama qilayotganini aytgan.
Live
Barchasi