Bizga tayoq berasiz, lekin savalashga ruxsat bermaysiz – ukrainalik deputatlar AQSHga 

Olam

image

Ukraina rasmiylari delegatsiyasi AQSH Kongressini Rossiya hududiga zarba berish uchun Amerika qurolidan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishini so‘rab, Vashingtonga keldi. Bu haqda "Politico" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, uzoq masofali qurollarni Ukrainaga topshirgan Bayden ma’muriyati ulardan Rossiya hududiga hujumlar uchun foydalanilmasligini shart qilib qo‘ygan. Bu taqiq Ukraina Qurolli kuchlarining Xarkov viloyatida rus qo‘shinlarining kuchayib borayotgan hujumi fonida Rossiya pozitsiyalariga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Ukraina parlamentining qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar bo‘yicha komissiyasi rahbari Aleksandra Ustinovaning so‘zlariga ko‘ra, hujumdan oldin Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya chegarasidan bir-ikki kilometr uzoqlikda rossiyalik harbiy xizmatchilarini ko‘rgan, biroq “ular bu borada hech narsa qila olmadilar”.

"Siz bizga tayoq berasiz, lekin uni ishlatishimizga ruxsat bermaysiz", degan u Bayden ma’muriyatiga ishora qilib, nashrga. Hukmron “Xalq xizmatkori” partiyasi raisi David Araxamiya Vashingtonga tashrifi chog‘ida Oq uyning Rossiya ichidagi hujumlarini cheklash siyosatini “asosiy muammo” deb atagan.

Ukraina parlamentariylari AQSH kongressmenlarining 10 dan ortiq idoralarida ularni Oq uyga ta’sir o‘tkazishga ishontirish uchun uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deb yozadi "Politico". Biroq ikki amerikalik rasmiyning nashrga aytishicha, Bayden ma’muriyatining siyosati o‘zgarmagan.

"Yordam Rossiya hududiga qaratilgan hujum operatsiyalariga emas, balki mudofaa uchun mo‘ljallangan", degan ulardan biri.

Ayni paytda, AQSH rasmiylari Putinning yangi harbiy qismlarni joylashtirish rejalari, Xitoydan qo‘shimcha o‘q-dorilar olishi va G‘arbning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kamaytirish rejalaridan kelib chiqib, Rossiya 2024 yil oxirigacha frontda erishgan yutuqlarini mustahkamlay olishiga ishonch bildirmoqda.

Rossiya qo‘shinlarining Xarkov viloyatiga yangi hujumi 10 may kuni boshlandi. Ko‘p o‘tmay, Rossiya Mudofaa vazirligi bir nechta qishloqlarni egallab olganini e’lon qildi va 14 may kuni kechqurun Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Ukraina harbiylari ushbu hududda "qulayroq pozitsiyalarga o‘tgani" haqida xabar berdi. 

Ma’lumot uchun, Rossiyadagi nishonlarga qarshi Amerika qurollaridan foydalanishni taqiqlash 2022 yil fevral oyida to‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan beri amal qiladi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya ham xuddi shunday taqiqni bekor qildi - may oyi boshida mamlakat tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Ukraina Rossiya hududiga zarba berish huquqiga ega ekanligini aytdi. Kreml voizi Dmitriy Peskov bayonotni "to‘g‘ridan-to‘g‘ri keskinlikning kuchayishi", deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing