Ash-Shara diplomatiyasi. U endi Quvaytda
Olam
−
02 iyun 3344 2 daqiqa
Kecha, 1 iyun kuni Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara Quvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan ushbu davlatda bo‘ldi. Bu haqda Suriyaning SANA axborot agentligi xabar berdi.
Ahmad ash-Shara poytaxt Al-Quvayt shahridagi “Al-Bayan” saroyida Amir Shayx Mish’al as-Saboh bilan “ikki tomonlama munosabatlar va Suriyadagi so‘nggi o‘zgarishlar”ni muhokama qilgan.
Liderlar, shuningdek, Suriyaning xavfsizligi, suvereniteti, barqarorligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish masalalarini ham gaplashgan.
“Ahmad ash-Sharaning tashrifi ikki qardosh xalq manfaatlari yo‘lida hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, siyosiy va iqtisodiy sohalarda sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan”, deya xabar berdi SANA.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara joriy yilning 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Qolaversa, ash-Shara 11 aprel kuni ham Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan edi.
7 may kuni Suriyaning yangi muvaqqat rahbari o‘zining birinchi Yevropaga tashrifini Fransiyadan boshladi va mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi. 14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va unga Isroilni tan olish hamda Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish taklifini berdi. Qolaversa, 14 may kuni Ar-Riyod shahrida Turkiya, AQSH, Saudiya Arabistoni va Suriya yetakchilari ishtirokida onlayn formatdagi to‘rt tomonlama muloqot ham tashkil etilgandi.
Live
Barchasi