Armaniston KXSHTdan quvilishi mumkin
Olam
−
10 iyun 4669 2 daqiqa
Armaniston ikki yildirki Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) byudjetiga badal to‘lamayapti. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov KXSHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, KXSHT ishtirokchilari Armanistonga nisbatan “tashkilot ustavining tegishli moddasini” qo‘llashni ko‘rib chiqadi. Ustavga ko‘ra, Armaniston KXSHTda ovoz berish huquqidan mahrum etilishi yoki tashkilotdan butunlay chiqarib yuborilishi mumkin.
“Armanistondagi saylov kuni hamkasbim Ararat Samvelovich Mirzoyan KXSHT masalasi nima bo‘lishi haqidagi savolga “Biz badal to‘lamayapmiz, chunki shunchaki unda ishtirok etmayapmiz”, deb javob berdi. Armanistonning KXSHT byudjeti oldidagi qarzdorligi ikki yildan oshib ketdi – bu vaziyat tashkilot ustavida ko‘zda tutilgan va biz bugun KXSHT ustavining tegishli moddasini ishga solishni ko‘rib chiqishga kelishib oldik”, deydi Lavrov.
KXSHT ustavining 25-moddasiga binoan, agar tashkilotga a’zo davlat ikki yil davomida byudjet oldidagi qarzdorligini uzmasa, Kollektiv xavfsizlik kengashi ushbu mamlakat fuqarolarini KXSHT doirasidagi kvotali lavozimlarga nomzod sifatida ko‘rsatish huquqini to‘xtatib qo‘yishi, shuningdek, qarzdorlik uzilgunga qadar mamlakatni ovoz berish huquqidan mahrum qilishi mumkin. 20-moddada esa a’zo davlat ustav talablarini bajarmagan taqdirda, Kengash ushbu mamlakatni tashkilotdan chiqarib yuborishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Bunday vaziyatda qaror o‘sha mamlakatning ovozi hisobga olinmagan holda qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston 2024 yilning fevral oyida KXSHTga a’zoligini muzlatib qo‘ygan edi. Bu qaror ittifoqchilar o‘z majburiyatlarini bajarmayotgani va o‘z mas’uliyat hududlarini tan olmayotgani bilan izohlangandi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan KXSHTni respublika xavfsizligiga tahdid deb atagan. U “zarurat tug‘ilgan taqdirda” Armanistonning tashkilotdan chiqishi mumkinligini istisno qilmagan edi. Iyun oyida bo‘lib o‘tgan KXSHT Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishida Armaniston vakili ishtirok etmadi.
Live
Barchasi“Chust oshi” ham patentlandi
11 iyun