Argentina Prezidenti “sharmandali” firibgarlikda ayblanmoqda
Olam
−
18 fevral 10275 2 daqiqa
Argentina Prezidenti Xaver Miley Libra nomli memkoin mojarosi markazida qoldi. U ushbu kriptovalyutaning sudxo‘rlik loyihasi bilan aloqadorlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, memkoinning narxi Miley uni qo‘llab-quvvatlovchi post e’lon qilganidan so‘ng keskin ko‘tarilib, kapitalizatsiyasi 4,5 milliard dollarga yetgan. Biroq atigi uch soat ichida u 95 foizga qulagan. Chunki insayderlar bu tokenni katta miqdorda sotishni boshlashgan.
Shundan so‘ng muxolifat Prezidentga impichment e’lon qilishni talab qilgan, shuningdek, yuristlar Mileyga qarshi sudga da’vo arizasi topshirgan. Prezident esa loyihaga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, korrupsiyaga qarshi organlarga mustaqil tergov o‘tkazishni topshirgan.
Buenos-Ayres fond birjasidagi aksiyalar dinamikasini aks ettiruvchi S&P Merval indeksi Xaver Mileyning kriptovalyuta mojarosi ortidan 5,8 foizdan ortiq pasaygan. Kecha, 17 fevral kungi savdolarda indeks minimal darajada 2 248 906,2 punktga tushgan.
Argentina parlamentidagi muxolifat vakili Leandro Santoro ushbu mojaroni “xalqaro miqyosda sharmanda qiluvchi” voqea deb atab, Prezidentga nisbatan impichment jarayonini boshlash talabini ilgari surgan.
Miley esa ushbu memkoinni targ‘ib qilgan postini o‘chirib tashlagan. Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, ushbu post 14 fevral kuni bir necha soat davomida ijtimoiy tarmoqda turgan. Postda Libra loyihasining Argentinadagi iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishi aytilgan bo‘lib, unda loyiha veb-sayti va token shartnoma manziliga havola joylashtirilgan bo‘lgan.
Bir necha soatdan so‘ng Miley yangi post e’lon qilib, bu loyihaga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan va nega reklama postini o‘chirishga qaror qilganini tushuntirgan.
“Men bu loyiha tafsilotlaridan bexabar edim. Keyinroq bilganimda uni ommaga targ‘ib qilishdan voz kechishga qaror qildim”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xaver Miley tashkilotning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashdagi usullaridan noroziligini bildirib, Tashqi ishlar vaziri Xerardo Xerardo Verteynuga mamlakatni Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotidan (JSST) chiqarish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Prezident matbuot kotibi Manuel Adorni pandemiya davomida JSST tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar va ilgari tashkilotga prezident bo‘lgan Alberto Fernandes tomonidan qabul qilingan qarorlar “Argentina uchun insoniyat tarixidagi eng uzoq muddatli karantin”ga olib kelganini va mamlakatni “muayyan davlatlarning siyosiy ta’siri ostida bo‘lishiga” sababchi bo‘lganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi