Andijondagi maktabda o‘qituvchi pichoqlab o‘ldirildi
3-sahifa
−
11:15 9884 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanidagi maktab binosida o‘qituvchi ayol o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, voqea 27 yanvar kuni soat 15:30 larda Asaka tumanidagi maktab binosida sodir bo‘lgan. Shu maktabda ishlovchi erkak oilaviy kelishmovchiliklar sabab kelib chiqqan janjal oqibatida o‘zi bilan birga ishlovchi 34 yoshli turmush o‘rtog‘iga yonida olib kelgan xo‘jalik pichog‘i bilan bir necha marotaba tan jarohati yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng erkak yashash xonadoniga qaytib kelib, ushbu xo‘jalik pichog‘i bilan o‘zining qorniga bir necha marotaba urib, o‘z joniga qasd qilgan. Uni ko‘rib qolgan akasi erkakni shifoxonaga olib borgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.
Mazkur holat yuzasidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida 71 yoshli erkak tushlik tayyorlamagan xotinini o‘ldirgandi.
Live
Barchasi