Afg‘onistonda portlamay qolgan o‘q-dorilar sabab 471 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
03 aprel 18112 2 daqiqa
Afg‘onistonda portlamay qolgan o‘q-dorilar 2025 yilda jami 471 nafar tinch aholining halok bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda kecha, 2 aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennet ma’lum qildi.
Bennet ayniqsa, bolalar orasidagi qurbonlar soni yuqoriligidan jiddiy xavotir bildirgan. U portlashlar oqibatida jabrlanganlarning 67 foizi bolalar ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, Bennet mina bilan bog‘liq hodisalarning 24 foizi bolalar ularni o‘yinchoq deb o‘ylab o‘ynagan paytda sodir bo‘lishini aytgan.
U xalqaro hamjamiyatni minalardan tozalash ishlariga sarmoya kiritishga hamda Afg‘oniston fuqarolarining hayotini himoya qilishga chaqirgan.
“Men xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistondagi minalardan tozalash dasturlarini moliyalashtirishni oshirish va davom ettirishga chaqiraman. Hech bir bola minani o‘yinchoq deb adashtirmasligi uchun barchamiz mas’ulmiz”, degan Bennet.
Hisobotda qayd etilishicha, Afg‘onistondagi mina mavjud hududlar insonning yashash huquqi, sog‘liq huquqi va xavfsiz muhitda yashash huquqini doimiy ravishda buzmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda minalardan tozalash guruhlari katta hududlarni tozalagan, biroq bu boradagi yutuqlar hali ham mustahkam emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston va Afg‘oniston chegarasida vaqtinchalik sulh muddati tugagach, harbiy harakatlar qaytadan boshlangandi. Pokistonning Afg‘oniston sharqidagi Kunar viloyatiga bergan raketa zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va 16 kishi jarohat olgan. Shundan so‘ng Afg‘oniston va Pokiston chegaradagi mojaroni hal qilish bo‘yicha Xitoyda uch tomonlama formatda muzokaralar o‘tkazildi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust