100 000 dan ortiq ukrainalik tinch aholi bir kechada qochqinga aylandi – BMT

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan 100 mingdan ortiq tinch aholi o‘z uylarini tashlab ketgan. Bu haqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi matbuot kotibi Shabia Mantu BMTning Jenevadagi ofisida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Ishonamizki, 100 mingdan ortiq ukrainaliklar o‘z uylarini tashlab ketishgan yoki ichki ko‘chirilgan bo‘lishlari mumkin va ulardan yana bir necha ming nafari xalqaro chegaralarni kesib o‘tgan”, deydi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat ichida ko‘chirilganlar soni sezilarli darajada, shuningdek,  chegaralar va undan tashqarida harakatlanish mavjud. 

“BMT xodimlari Ukraina hukumati vakillari bilan birgalikda uylarini tashlab ketgan ukrainaliklarga yordam ko‘rsatmoqda”, degan Mantu. 

Matbuot kotibi Ukrainadagi vaziyat yanada keskinlashgan taqdirda 4 milliongacha odam bu mamlakatni tark etishi mumkinligidan ogohlantirgan. 

O‘z navbatida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi rasmiy vakili Ravina Shamdasani, olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi havo hujumlari va bombardimonlari natijasida 25 nafar tinch aholi halok bo‘lgani, yana 102 kishi jarohatlangani, ammo haqiqiy statistika yuqorida bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan. Shamdasani Ukrainadagi voqealardan jiddiy xavotir bildirgan.

“Biz tinch aholi orasida qurbonlar soni ortgani haqida xabarlar olayapmiz”, deydi u. 

Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarlik Rossiyaning harbiy harakatlari xalqaro huquq normalariga zid ekanligini ta’kidlagan. 

"(Operatsiya) son-sanoqsiz hayotni xavf ostiga qo‘yadi va uni darhol to‘xtatish kerak", deydi Shamdasani. 

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarlik vakili bir kun avval Ukrainadagi urushga qarshi norozilik bildirgan Rossiyadagi namoyishchilarning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishidan xavotir bildirgan. 

“Biz 1800 dan ortiq namoyishchilar hibsga olinganidan xabardormiz. Ularning hibsdan ozod etilgani yoki yo‘qligi hozircha noma’lum”, deydi Shamdasani.  

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing