Hindistonda 50 yillik masjid buzib tashlandi (video)

Olam

image

Hindistonning Faridobod shahrida joylashgan 50 yillik masjid buzib tashlandi. Mahalliy hokimiyat bunga sabab sifatida o‘rmon yerining noqonuniy egallanishini keltirmoqda. Bu haqda “opIndia” xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 aprel kuni Faridobod munitsipal korporatsiyasi Badxal qishlog‘ining Jamai koloniyasida joylashgan 50 yillik masjidni buzib tashlangan. Mahalliy hokimiyat bu inshootni qo‘riqlanadigan o‘rmon hududida noqonuniy qurilgan deb baholab, uni olib tashlash choralarini ko‘rgan. Ushbu mojaro yillar davomida Panjob va Harayana Oliy sudidan Hindiston Oliy sudigacha yetib borgan. Korporatsiya bu harakatni aynan Oliy sud ko‘rsatmalariga asoslangan holda amalga oshirilganini ta’kidlagan. Biroq mahalliy musulmonlar ish hali sud jarayonida ekanini aytib, norozilik bildirgan.

Masjidni buzish jarayoni kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida olib borilgan. Taxminan 250 nafar politsiya xodimi va uch nafar politsiya komissari yordamchisi jarayonga jalb etilgan. Munitsipal jamoa ertalab buldozerlar bilan yetib kelib, masjid va uning atrofidagi boshqa noqonuniy binolarni olib tashlagan.

Masjid atrofidagi hudud to‘sib qo‘yilgan. Mahalliy aholi vakillari ularning masjidga 100 metrga yaqinlashishiga ham ruxsat berilmaganini aytgan. Bir mahalliy fuqaroning aytishicha, politsiya yaqinlashishga uringanlarga qarshi kuch ishlatish bilan ogohlantirgan. Favqulodda vaziyatlar ehtimoliga qarshi yong‘inga qarshi brigada ham joyda kutib turgan.

“Munitsipal korporatsiya ushbu bino hukumat mulkini noqonuniy egallab olingan deb hisoblaydi va u Panjob yerlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun (PLPA) asosida qo‘riqlanadigan o‘rmon hududida joylashganini ta’kidladi. Biroq mahalliy aholi yer Badxal qishlog‘iga tegishli ekanini da’vo qilmoqda. Ularning fikricha, ish hali Oliy sudda ko‘rib chiqilayotgan bir paytda binoni buzish sudga hurmatsizlik hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

“Dainik Bhaskar” nashriga mahalliy aholi vakili yer sobiq qishloq sardori Rakka tomonidan masjid qurilishi uchun hadya qilinganini aytgan.

“Masjid 600-700 kvadrat yardli uchastkaning 40×80 yardli qismida qurilgan. 17-18 kishilik qishloq qo‘mitasi hozirda ishni Oliy sudda yuritmoqda. Ular oldinroq bu hudud atrofini devor bilan o‘rab, masjidga tegilmasligini aytishgan edi. Ish hali ko‘rib chiqilayotgan bir vaqtda binoni buzish – bu sudni mensimaslikdir” dedi u.

Munitsipal korporatsiyaning yuridik maslahatchisi Satish Acharya esa mahalliy aholining e’tirozlarini qat’iy rad etgan.

“Bu bino davlat yerini noqonuniy egallagan. U PLPA doirasidagi qo‘riqlanadigan o‘rmon hududida joylashgan. Oliy sud qaroriga muvofiq, bu yerni egallashga hech qanday ruxsat yo‘q. Bu noqonuniy inshoot edi va biz uni olib tashladik. Bu bizning birinchi harakatimiz emas. Davlat yerlarini egallaganlar baribir javobgar bo‘ladi. Biz bu hududni yana O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasiga qaytarishni tavsiya qilmoqdamiz – bu yer o‘rmon yeridir va o‘rmon bo‘lib qolishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Acharya.

Ushbu yer atrofidagi mojarolar 20-25 yildan buyon davom etib kelayotgani aytilmoqda. Munitsipal korporatsiya bu yerda o‘z vakolatlarini amalga oshirishda davom etayotganini bildirmoqda, mahalliy aholi esa yer diniy maqsadlar uchun alohida ajratilgan jamoa yeri bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili yanvar oyida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi shimoliy Uttar-Pradesh shtatidagi Ayodha shahrida 1528-29 yillarda qurilgan Bobur masjidini hindu tangrisi Ramga bag‘ishlangan katta ibodatxonaga aylantirgandi. O‘shanda Ayodha shahrida hinduizm tangrisining tug‘ilgan joyi deb ishoniladigan ibodatxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Marosimga Bosh vazir Narendra Modi boshchiligida 7 mingga yaqin mehmon ishtirok etgan, qatnashchilar orasida Bollivud yulduzi Amitabh Bachchan ham bo‘lgan. Ulardan ba’zilari bu maqsadda 700 kilometr yo‘l bosib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston masjid Faridobod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing