Rossiyada yana o‘zbekistonlik migrantlar tahqirlanib, kaltaklandi (video)
3-sahifa
−
15 Sentabr 37458 3 daqiqa
Joriy yilning 13 sentyabr kuni Rossiyaning Vladivostok shahri, Xabarovskaya ko‘chasida mahalliy yoshlar guruh bo‘lib o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan migrantlarni kaltakladi. Bu haqda “Vladivostok1” xabar berdi.
Guvohlarning aytishicha, avvaliga yoshlar ichida migrantlar bo‘lgan mashinalarga tosh otgan, keyin haydovchilar suhbatlashish uchun tushganida guruh bo‘lib hujum qilishgan. Buning oqibatida o‘sha tunda bir necha kishi jabrlangan.
Bezorilar barcha harakatlarni videoga yozib olgan. Videoda muallifning baland kulgisi va tajovuzkorlarni qo‘llab-quvvatlashi eshitiladi. Unda turli ismlar va “ur”, degan chaqiriqlarni ham eshitish mumkin. Kadrlarda haydovchi bolalardan birining pichoqni tashlashini talab qilgani va samokat bilan himoyalanganini ko‘rish mumkin. Yigitlardan biri do‘konga yashirinmoqchi bo‘lgan, biroq guruhdagilar uning ortidan kirib, o‘zbekligi aytilayotgan migrantning yuziga urgan. Kimdir do‘konda kamera borligi haqida ogohlantirgan. Bunga esa video muallifi: “Bilaman”, deya javob bergan va kulib tasvirga olishni davom ettirgan.
Hozirda politsiya hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan. “Vladivostok1” ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar ham, guvohlar ham hech qanday ariza yozmagan. Shuningdek, tajovuzkor harakatlarda ishtirok etganlarning barchasi voyaga yetmagan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsuli Yusuf Qobiljonov munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, holat aniqlangan zahoti O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tashabbusi bilan jabrlangan fuqarolar bilan tezkor aloqa o‘rnatilib, ularga huquqiy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Vladivostok shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirilgan hamda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakolatxonasiga va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga mazkur masala yuzasidan barcha tegishli choralarni ko‘rish zarurligi haqida notalar yuborilgan.
Mazkur voqealar O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda internetda bir rossiyalikning bir fuqaroni tinimsiz haqorat qilayotgani, unda ikki marta O‘zbekiston nomi tilga olinib, haqoratlanayotgan ishchining o‘zbekistonlikligiga ishora qilingani va “sen ruslarning qulisan” deb tahqirlangani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Keyinroq esa mazkur hodisa ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi. Bildirilishicha, rasmiy notada muhokamalarga sabab bo‘lgan videodagi shaxsni aniqlash va unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish so‘ralgan.
Gap Moskva viloyatining Ximki shahrida joylashgan “Solnechnaya sistema” nomli turarjoy majmuasida sodir bo‘lgan voqea haqida ketmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga borib, taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik Baxtiyor ismli haydovchini haqoratlayotgan shaxs rus millatiga mansub bo‘lib, u janjal chiqargan vaqtida spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan va uy oldida to‘xtab, yo‘lovchisini tushirayotgan taksi haydovchisini haqoratlay ketgan. Haydovchi esa uning provakatsiyasi qurboni bo‘lishni xohlamay, unga bosiqlik bilan javob qaytargan. Mast erkak esa avvaliga o‘zining Rossiyaning Ukrainaga bosqinini xastpo‘shlovchi “maxsus harbiy operatsiya” ishtirokchisi ekanini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan. Shuningdek, u yonidan pichoq chiqarib, haydovchiga o‘qtalgan. Videoda haydovchi bosiqlik bilan “pichog‘ingni ol” deyayotganini eshitish mumkin.
Live
Barchasi