“Sen ruslarning qulisan”. TIV haqorat bo‘yicha Moskvaga nota yubordi (video)

Jamiyat

image

O‘tgan oyda internetda bir rossiyalikning bir fuqaroni tinimsiz haqorat qilayotgani, unda ikki marta O‘zbekiston nomi tilga olinib, haqoratlanayotgan ishchining o‘zbekistonlikligiga ishora qilingani va “sen ruslarning qulisan” deb tahqirlangani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Mazkur hodisa ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov brifingda ma’lum qildi.

Bildirilishicha, rasmiy notada muhokamalarga sabab bo‘lgan videodagi shaxsni aniqlash va unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish so‘ralgan.

“Hurmatli vatandoshlar, sizlarga yana bir bor eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston fuqarolari dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar, davlatimiz himoyasida hisoblanadi. Agar huquq va erkinliklaringiz, qonuniy manfaatlaringiz yoki sha’ningiz xorijda buzilsa, darhol o‘sha mamlakatning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, shuningdek, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, dedi vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov.

Qayd etish joiz, gap Moskva viloyatining Ximki shahrida joylashgan “Solnechnaya sistema” nomli turarjoy majmuasida sodir bo‘lgan voqea haqida ketmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga borib, taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik Baxtiyor ismli haydovchini haqoratlayotgan shaxs rus millatiga mansub bo‘lib, u janjal chiqargan vaqtida spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan va uy oldida to‘xtab, yo‘lovchisini tushirayotgan taksi haydovchisini haqoratlay ketgan. Haydovchi esa uning provakatsiyasi qurboni bo‘lishni xohlamay, unga bosiqlik bilan javob qaytargan. Mast erkak esa avvaliga o‘zining Rossiyaning Ukrainaga bosqinini xastpo‘shlovchi “maxsus harbiy operatsiya” ishtirokchisi ekanini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan. Shuningdek, u yonidan pichoq chiqarib, haydovchiga o‘qtalgan. Videoda haydovchi bosiqlik bilan “pichog‘ingni ol” deyayotganini eshitish mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing