Majburiy mehnatga chiqqan o‘qituvchini ham ishdan olish kerak – Turdimov (video)

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov haq-huquqini bilmay majburiy mehnatga chiqqan o‘qituvchilarning o‘zlarini ham ishdan olish kerakligini aytdi. Bu haqda u joriy yilning 27 avgust kuni IV Ustozlar milliy forumida so‘z ochdi.

“O‘qituvchilarga majburiy mehnat mutlaqo mumkin emas. Fursatdan foydalanib bir narsani aytmoqchimanki, birorta maktabda agar majburiy mehnat bo‘ladigan bo‘lsa, avtomatik tarzda direktor ishdan olinishi kerak. Shu majburiy mehnatga chiqqan odamni ham ishdan olish kerak. Chunki, uni majburlab chiqargan bo‘lsa, hech qanday huquqi yo‘q bo‘lsa, chalasavod bo‘lsa, ko‘r mulla bo‘ladigan bo‘lsa-yu, uni chiq desa, chiqib ketaversa, u qanaqa o‘qituvchi bo‘ladi?” deya savol qo‘ygan Turdimov.

Shuningdek, u maktablardagi majburiy obuna masalasiga ham to‘xtalgan.

“Mana meni qiynaydigan ikkinchi masala – obuna masalasi. Birorta o‘qituvchi gazetaga majburan obuna bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha maktab direktorini ishdan olaman. Hamma bilib olsin. O‘sha paytda ishdan olaman. Obuna bo‘ladigan bo‘lsangiz, o‘zingiz obuna bo‘ling. Ana “zamdirektor”ingiz bor to‘rtta-beshtadan. Ana “zavxoz”ingiz bor. O‘qituvchiga teginmang”, deydi viloyat rahbari.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 27 martda qabul qilingan va ertasi kuni kuchga kirgan “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash)ga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Xuddi shu qonun bilan Jinoyat kodeksining 148-2-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash)ga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.

2018 yil 10 mayda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil avgust oyi boshida Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab o‘qituvchilari ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilingani va maktab jamoasi bilan suhbatda ular tomonidan ushbu hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani ta’kidlansada, ustozlarni o‘z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Maktab direktoriga mehnatga ma’muriy tarzda majburlagashni nazarda tutuvchi normaga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 41 mln 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Erkinjon Turdimov majburiy mehnat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing