Sirdaryoda ayrim hududlar elektrsiz qolishi mumkin
Jamiyat
−
10 dekabr 2951 2 daqiqa
Sirdaryo viloyatidagi 1500 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasida nosozlik kuzatilgani ma’lum qilindi. Buning ortidan ayrim hududlarda elektr ta’minotida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan foydalanishga topshirilgan quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi kuzatilgan.
Stansiya ishini tezkor tiklash maqsadida investor hamda ishlab chiqaruvchining kafolatli shartnomaviy majburiyatlariga asosan, Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida yangi rotor qisqa muddatda tayyorlanib, maxsus reys bilan 8 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan. Og‘irligi 114 tonna bo‘lgan qurilma aeroportdan to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr stansiyasi maydoniga yetkazilgan.
Qayd etilishicha, yangi rotorni o‘rnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy vaqt talab qiladi. Bu quvvatlarni qoplash maqsadida qo‘shimcha zaxiradagi va yangi ishga tushirilayotgan bloklardan foydalanilyapti.
Hozirgi kunda havo bulutli (kam quyoshli) bo‘layotgani va kunlar qisqaligi hisobidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish kamaygan. Shu sababli, ishlab chiqarish va iste’mol balansini tartibga solish, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarning elektr ta’minotida asosan iste’mol ortgan pallalarda (17:00-21:00 lar oralig‘ida) qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.
“Agar bunga zarurat tug‘ilsa, iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi. Bunday choralar elektr ta’minoti barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, yangi rotor gaz turbinasiga o‘rnatilgach, stansiyaning ishlab chiqarish quvvati tiklanadi va elektr ta’minotida vaqtincha ko‘rilayotgan choralarning oldi olinadi.
Live
Barchasi