Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

Hozir to‘p AQSH maydonida – Abbos Aroqchi

Olam

image

Eron AQSH bilan vositachilar orqali muzokaralar olib borishga tayyorligi haqidagi bayonotni saxiy taklif deb hisoblaydi va Vashington Tehron tashabbusiga ijobiy munosabat bildirishini kutadi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron muzokarachilar bo‘lgan taqdirdagina, kelishuv stoliga o‘tiradi. 

“Muzokaralar uchun mas’uliyat Tashqi ishlar vazirligi zimmasida bo‘ladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar taklifi biz uchun bir necha bor tilga olingani uchun nomaqbuldir, ammo biz Ummon orqali bilvosita muzokaralarga tayyormiz”, degan Aroqchi. 

Shuningdek, u hozir navbat AQSH tomondaligini va mamlakat muzokaralar haqida aniq bayonot bermaganini ta’kidlagan. 

“Hozir to‘p Islom Respublikasining taklifiga javob berish uchun AQSH tomonida, garchi biz shoshilmasak ham. Muzokarachilarning ismlari to‘g‘risida aytilayotgan taxminlarning hech biri to‘g‘ri emas, lekin shubhasiz, mumkin bo‘lgan muzokaralar uchun mas’uliyat Tashqi ishlar vazirligi zimmasida bo‘ladi va ularni Tashqi ishlar vaziri boshqaradi”, degan u o‘z nutqida. 

Ma’lumot uchun, 2015 yil iyul oyida Eron va Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Fransiya, Xitoy va Germaniyani o‘z ichiga olgan bir guruh davlatlar o‘rtasida Venada Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi imzolangan. Hujjat tomonlarning qoidalari va majburiyatlarini nazarda tutgan. Xususan, Eron 15 yil davomida uranni 3,67 foizdan ortiq boyitmaslik va boyitilgan uran zaxirasini 300 kg dan oshirmaslik majburiyatini olgan. Shuningdek, Tehron qo‘shimcha og‘ir suv reaktorlari qurmaslikka, 130 tonnadan ortiq og‘ir suv to‘plamaslikka va yadroviy turdagi portlovchi qurilmalarni ishlab chiqmaslikka va’da bergan. Ammo 2018 yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida Qo‘shma Shtatlar muzokaralar kengashidan chiqqan. Bunga javoban Eron o‘zining texnologik salohiyati va yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini sezilarli darajada oshirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp “Fox Business” telekanaliga bergan intervyusida Xomanaiyga Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifi bilan maktub yo‘llaganini aytgan edi. Keyinchalik  Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron rasmiylari bilan uchrashuvda Eron Islom Respublikasi AQSH bilan muzokaralar olib bormasligi, chunki Vashingtonni faqat o‘z manfaatlari qiziqtirishi haqida gapirgandi. Qolaversa, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH kuchli bosim qilayotgan paytda yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortgandi. Shundan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron yadro quroli bo‘yicha kelishuvga erishmasa, misli ko‘rilmagan bombardimonlarga duch kelishi muqarrarligini aytib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Abbos Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing