Vazirlik “novostroyka”dagi nosoz lift bo‘yicha munosabat bildirdi

3-sahifa

image

Avvalroq Toshkent shahridagi “novostroyka”lardan birida ichida odamlari bo‘lgan lift 9-qavatdan pastga tushib ketgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. 

Ma’lum qilinishicha, ushbu voqea Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasi 253-uyning 2-kirish yo‘lagida sodir bo‘lgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, hokimlik hamda mazkur ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi  “Uyut komfort kommunal” boshqaruv servis kompaniyasi vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh holatni voqea joyiga chiqqan holda o‘rgangan.

Unda ko‘tarish qurilmasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi va foydalanishga qabul qilinmagani, shuningdek, liftda tegishli tartibda davriy sinov ishlari amalga oshirilmagani aniqlangan. Mazkur liftga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tashkilot bilan shartnoma tuzilmagan hamda liftni soz holatda saqlash, uni bexatar ishlatish bo‘yicha javobgar shaxs ham tayinlanmagan bo‘lgan.

“2020 yilda ishlab chiqarilgan, ko‘tarish og‘irligi 1000 kg bo‘lgan lift qurilmasiga belgilangan tartibda texnik xizmat ko‘rsatilmaganligi sababli shaxta kabinasi eshiklarining kontaktlari bo‘shab qolgan. Ushbu lift harakatda vaqtida kimdir liftning tashqi eshiklarini qo‘l yordamida ochishga uringan. Natijada xavfsizlik moslamasi ishga tushgan va lift o‘zini-o‘zi to‘xtatish vazifasini bajara boshlagan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, o‘rganish davomida lift tushib ketmagani, aksincha tegishli xavfsizlik qurilmasi ishga tushgan holda to‘xtagani aniqlangan. 

“Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan liftdagi kamchiliklarni bartaraf etish va voqea tafsilotlarini chuqur o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. Hodisadan hech kim jabrlanmagan”, deyiladi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida 32 yoshli ayol yangi qurilgan uylarning liftidan jonsiz holatda topilgani juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bu voqea hatto xorijiy nashrlarda ham muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, mazkur masala yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Joriy yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 43-yalpi majlisida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylardagi liftlar bilan yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rtaga tashladi.  


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent lift Qurilish vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made