“Zo‘rg‘a o‘ziga keltirishdi”. Qodirov shoshilinch tarzda shifoxonaga yotqizilgan – OAV
Olam
−
01 yanvar 22840 2 daqiqa
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 2025 yil 24 dekabrdan 25 dekabrga o‘tar kechasi Moskvada shoshilinch tarzda shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda unga yaqin manbaga tayanib, “Novaya gazeta. Yevropa” xabar berdi.
Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, Qodirov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Davlat kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun poytaxtga borgan. Biroq uning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan va u reanimobil orqali Rossiya Prezidenti ishlar boshqarmasiga qarashli Markaziy klinik shifoxonaga yetkazilgan. Bunday holat uchun zaxira reja ko‘zda tutilmagani sababli, Davlat kengashi Checheniston vakilisiz o‘tkazilgan.
“Moskvada uni zo‘rg‘a o‘ziga keltirishdi, shundan so‘ng u uyiga qaytdi va shundan beri jamoatchilik oldida ko‘rinmadi”, deydi nashr manbasi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil boshida Qodirov Grozniydagi “Aymedi” xususiy klinikasiga ham yotqizilgan. Shundan keyin uning ahvoli yomonlashishda davom etgan. Buni Qodirov yaqinda o‘tkazilgan “to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot” chog‘ida bilvosita tan olib, joriy yilda rasmiy ta’tilga to‘rt marta chiqqanini aytgan. Shuningdek, u o‘zining yomon ahvoliga ishora qiluvchi belgilarni ham izohlab bergan. Xususan, Checheniston rahbari, buni Ukrainadagi urushda ishtirok etayotgan chechen jangchilari uchun xavotirlar bilan izohlagan.
Shu bilan birga, yil davomida Qodirov bir necha bor o‘zining kasalligi haqidagi mish-mishlarni rad etib kelgan. Avgust oyida u “sog‘lom” ekanini aytib, har kuni yig‘ilish o‘tkazishiga hojat yo‘qligini, “chunki ish tizimga solinganini” bildirgan. Sentyabrda esa sog‘ligi bilan bog‘liq gaplar chiqqanida har safar 50 marta turnikda tortilishini aytgan.
Ayrim manbalar Qodirovning buyraklari bilan bog‘liq muammolari bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Shuningdek, unda oshqozonosti bezining nekrozi borligi haqidagi taxmin ham mavjud. Biroq aniq tashxis noma’lum, chunki bu haqdagi ma’lumotlar qat’iy yashiriladi.
Live
Barchasi