Zo‘ravonlikka uchragan ayolning ajrashishi osonlashishi mumkin
Jamiyat
−
13 fevral
2807O‘zbekistonda endilikda nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanishi mumkin. Bu “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilanmoqda.
Qonunda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, nikohdan ajratish masalasi o‘z vaqtida hal qilinmasligi ayrim hollarda ayollarning o‘z joniga qasd qilishi, bevaqt o‘limi kabi ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Bu normaning amaliyotga joriy etilishi muntazam tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘lgan nizoli oilalarda og‘ir jinoyatlar sodir bo‘lishining oldini oladi.
Bundan tashqari, Qonun bilan Uy-joy kodeksiga qo‘shimcha kiritilib, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Ushbu qonun 11 fevral kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, shuningdek, hududlardan mahalliy Kengashlarning Yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari komissiyalari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida muhokama qilingan. Ushbu Qonunning qabul qilinishi xotin-qizlar huquqlarini yanada mustahkamlashga, ularning turarjoy masalalarini qonuniy hal qilishga xizmat qilishi qayd etilgan. Majlis so‘nggida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.
LiveBarchasi
Toshkentga tramvay qaytadi.
13 mart
Trenddagilar
