Zurabishvili prezident saroyini tark etdi (video)
Olam
−
29 dekabr 2024
8606Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili bugun, 29 dekabr kuni yangi davlat rahbari, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi nomzodi Mixail Kavelashvili saylovchilar kollegiyasining yangi tartibiga ko‘ra ushbu lavozimga tasdiqlanganidan so‘ng prezident saroyini tark etishga rozi bo‘ldi. Bu haqda u prezident saroyini tark etayotganda so‘z ochdi.
“Men bu yerdan ketyapman va legitimlikni o‘z zimmamga olaman. Turar joyimda bo‘lamanmi yoki yo‘qmi, hech narsa o‘zgarmaydi. Prezident bu yerda bo‘lganida, bu prezidentlik qarorgohi ramz edi, men Gruziyaning yagona qonuniy prezidenti bo‘lib qolaman”, degan Zurabishvili.
Salome Zurabishvili prezident saroyi yonida yig‘ilgan tarafdorlariga murojaat qilar ekan, u “mamlakatni to‘liq inqirozga olib kelgan” hukmron “Gruziya orzusi” partiyasini tanqid qilgan.
Bundan tashqari, Zurabishvili Gruziyada yangi parlament saylovlarini o‘tkazish uchun asos bo‘ladigan hujjat matni ustida ishlashga va’da berdi. Avvalroq, u 26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Gruziya orzusi” g‘alaba qozongan saylovlarni soxtalashtirilgan deb hisoblashini bir necha bor ta’kidlagan.
22 dekabr kuni davlat rahbari qarorgohi yaqinidagi Orbeliani maydonidagi Yangi yil qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan mitingda Zurabishvili 6 yil oldin qasamyod qilgan yurtga, konstitutsiyaga sodiq ekanini aytgan edi.
Gruziyadagi siyosiy inqiroz
26 oktyabr kuni Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilganidek, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 54 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Muxolifat ovoz berishning rasmiy natijalarini qabul qilishdan bosh tortdi va ko‘plab qonunbuzarliklarni bahona qilib, norozilik namoyishlariga chaqirdi. Politsiya bir necha bor namoyishchilarni tarqatib yubordi.
28 noyabr kuni Bosh vazir Irakliy Kobaxidze 2028 yilgacha Gruziyaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishini ma’lum qildi. Shundan keyin noroziliklar yanada kengaydi. Yevropa Ittifoqi va AQSH hukmron partiyaning qarorini qoralab, Gruziya bilan hamkorlikni keskin qisqartirdi.
Muxolifat Yevropa Ittifoqini “Gruziya orzusi” hukumatining qonuniyligini tan olmaslikka chaqirdi.
LiveBarchasi