“Zo‘r”dan zo‘r chiqdi! Bosh vazir taqiqlagan serial yana ekranga qaytdi
Madaniyat-san’at
−
29 iyul 2019
362032017 yil oxirlarida O‘zbekistondagi “Zo‘r” telekanalida namoyishi boshlangan “Sevgi iztirobi” turk seriali 2018 yilning fevral oyi o‘rtalariga kelib efirdan olib tashlangan edi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, xususan Turkiyaning o‘zida ham qattiq tanqidlarga, odamlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan va taqiqqa uchragan mazkur kartina O‘zbekistonda ham ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.
Mazkur serial haqida bir qancha tahliliy-tanqidiy maqolalar e’lon qilingach, masala O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovgacha yetib borgandi.
2018 yilning 14 fevral kuni Hukumat raisi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonining ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu serialni tanqid qilib, xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallarning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratish bo‘yicha mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berib, “Zo‘r” telekanalida namoyish etilayotgan “Sevgi iztirobi” serialini tanqid qilgan edi.
Hukumat raisining tanqididan so‘ng, 2018 yilning 17 fevraliga kelib serial efir dasturidan olib tashlandi.
Oradan bir yarim yil o‘tib, ushbu serial yana “Zo‘r” telekanaliga qaytmoqda. Bugun, 29 iyuldan e’tiboran “Sevgi iztirobi” seriali qolgan joyidan namoyish etiladi. Bundan chiqdi, gapirilgan gaplar, aytilgan tanqidlar havoga uchdi. Zo‘rdan zo‘r chiqdi, deb shuni aytishsa kerak-da.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur telekanal muassislari ro‘yxatida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham borligi aytiladi.
Serial qahramoni Burak O‘zchivit esa joriy yilning 14 fevral kuni O‘zbekistonga kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov aholidan telekanallarda namoyish etilayotgan turk seriallariga nisbatan e’tirozlar 5 karra ko‘payganini aytib chiqqan edi.
“So‘nggi vaqtlarda mamlakat fuqarolarining nodavlat telekanallar efirida namoyish etilayotgan xorijiy, asosan turk seriallaridan noroziligi ortib borishi kuzatilmoqda va Agentlikka kelib tushgan murojaatlariga ko‘ra, ushbu seriallar ko‘p hollarda o‘zbek xalqining milliy udum va an’analariga, shuningdek milliy o‘zligimizga ma’no va mazmun jihatdan mos kelmaydi. Agentlikka fuqarolarimizdan shu yilning faqatgina besh oyida kelib tushgan murojaat va shikoyatlar soni o‘tgan yil davomida kelib tushgan jami murojaatlar soni bilan taqqoslaganda 5 marta ko‘paygan”, degan edi Komiljon Allamjonov.
Ayni vaqtda mamlakatdagi eng yuqori reytinglarda turadigan xususiy telekanallarda quyidagi turk seriallari namoyish etilmoqda:
“Yig‘lama, ona”, “Ayol”, “Chuqur”, “Fazilat xonim va qizlari”, “So‘yla... Qora dengiz” – “Sevimli” telekanali;
“Yomonlik dunyoga ustun bo‘lolmas”, “Muhtasham yuz yil” – “Milliy” telekanali;
“Meni qo‘yib yuborma”, “Parchalangan yuraklar”, “Sevgi iztirobi” – “Zo‘r” telekanali.
Ko‘rib turganingizdek, telekanallarimiz allaqachon turklashib bo‘lgan. Bular orasida “Sevimli” telekanali seriallar borasida peshqadam bo‘lsa, boshqasi turk filmlarini tarjima qilib, uzatishda unga yetib olish ilinjida. Turk ma’naviyatini, arzon filmlarni targ‘ib qilib, o‘zbek ma’naviyatini sindirish aksiyasi kimo‘zarga aylanib ketganiga ancha bo‘lgan.
Demadi demang: “Sevgi iztirobi”dan orttirilgan asoratlar badalini ko‘p yillar to‘laymiz
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr