Zoyir Mirzayev bilan qishloqda bir kun

Jamiyat

Agar sizga uyingizda issiq o‘rningizni tashlab, Toshkentdan 150 km uzoq bo‘lgan qishloqda tunab qolishni taklif qilishsa rozi bo‘larmidingiz? Ko‘pchilik, yo‘q deyishi tayin. Ammo QALAMPIR’chilar Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning taklifiga jon deb rozi bo‘ldi va Bo‘stonliq tumanida joylashgan Pskom qishlog‘iga yetib bordi. 

Uyingizdagidek lovullab gaz yonmaydi, krandan tinimsiz issiq suv oqmaydi. Bozorlik uchun 80 km uzoqqa borish va pechkaga o‘tin yoqishga to‘g‘ri keladi. Yo‘llar qishda yaxlagan, kuzda esa loyga qorishgan…  Ammo qishloq tabiati, toza havosi, sodda odamlari, mashinalar shovqinidan xoli hayot, qurilishlaru city’larga begona turmush tarzi. Yangi sog‘ilgan sigir sutiyu qo‘lbola sariyog‘ni totganingizda yarim metr qorda oyog‘ingizdan o‘tgan zahning alami chiqadi, hovuringiz tushadi. 

Pskom suv sathida 2 ming metr balandlikda joylashgan. Bu qishloqqa siz-u biz foydalanadigan avtomobillar bilan borishning iloji yo‘q. Pskomga sayohat qilishni istasangiz, maxsus yo‘l tanlamas mashinalarda borishga to‘g‘ri keladi. Yo‘l uzoq va juda xavfli. Tor yo‘lda harakatlanar ekansiz, jarliklarga qarab qo‘rqib ham ketasiz. Ammo qo‘rquvingizni aritadigan bir narsa bor: qorga burkangan tog‘lar. Qani shu on rassom bo‘lsangizu tabiatning bu go‘zalligini qog‘ozga tushirsangiz. 


Qishloqda 152 ta xonadon mavjud bo‘lib, unda 914 kishi istiqomat qiladi. Mahallada kutubxona, qishloq vrachlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda yashovchi aholi asosan chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan shug‘ullanadi. Ba’zilar Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligida turli lavozimlarda ishlab ro‘zg‘or tebratadi. Albatta, qishloqda ishsizlar ham talaygina. 
 
Bu qishloqqa bundan 30 yil oldin Toshkent viloyati hokimi borgan. Shundan buyon ulardan hech kim hol so‘ramaydi. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevdan nima uchun Toshkent viloyatining eng chekka qishlog‘iga borishga qaror qilganini so‘raganimizda, u shunday dedi:

“Yaqiniga har doim boramiz, tezroq bu yerning odamlari bilan tanishib, qishloq sharoitini o‘rgansak, ishimiz faol bo‘ladi. Yozga chiqquncha qo‘limizda nimadir dastur bo‘lishi kerak-ku. Biz hammasiga borib ko‘rgan holda, og‘irini tanlaymiz. Yordam beradigan joylarimizni reja qilib olamiz. Shunga qarab qo‘limizdan kelganini qilamiz, kelmaganini rahbariyatga olib chiqamiz. Eng chekka hududdan boshlash kerak, yaqiniga har doim ulguramiz”, deydi Mirzayev.

Pskomliklar Toshkent viloyati hokimini yaxshi kayfiyat bilan kutib olishdi. Ancha vaqtdan buyon bo‘lmagan sayllar hokimbuva tashrifi sabab tashkil qilindi. Mirzayev “Zakovat” o‘yinlari, jajji bolajonlar uchun tashkil qilingan muzdekkina kinoteatrni ko‘zdan kechirib, o‘zi issiqina chodirda murojaatlarni qabul qilishni boshladi.  

Sodda Pskom xalqining murojaatlarini tinglarkansiz, ularning asosiy qismi yo‘l bilan bog‘liq muammo tezroq hal bo‘lishini so‘rardi. Ishsizlik esa Pskomning ikkinchi va eng katta muammosi ekanini sezish qiyin emas. Kimdan so‘ramang, hech qayerda ishlamasligini aytardi.

Aholi murojaatini o‘rgangan hokim bolalar dardiga ham quloq tutdi. 11 yoshli Manija katta bo‘lsa jurnalist bo‘lishni istashi, singlisi Shahzoda esa rassom bo‘lishni orzu qilishini aytarkan, maktabda bolalar uchun to‘garaklar tashkil qilishni so‘radi. Zoyir Mirzayev esa shu joyning o‘zida hamma aytganini hal qilishga vada berdi.

“Maktabga cholg‘u asboblari keladi. Manijaga ham bir to‘plam berishadi. Bitta sinf xonaga oyna qo‘yib, gilam to‘shab raqs xonasi qilamiz. Rassomlik darslari uchun esa maxsus o‘quv-qurollarini ham ertaga yetkazamiz”, deydi hokim.

Zoyir Mirzayev bilan suhbatda unga bolalik yillarini eslatishga urindik. Hozir hammaga bosh bo‘lishga, aholi muammolarini hal etishga urinayotgan hokimning bolaligi qanday o‘tgan? Aslini olib qarasangiz, uning bolalik yillaridagi qishloq bilan bugungisi o‘rtasida katta farq yo‘q. O‘sha vaqtda ham qishloqlarda svet, gaz ichimlik suvi bo‘lmasdi. Hozir ham ularni topish amri mahol. Mirzayevning fikricha, o‘tgan yillarda nima o‘zgargan? 

“Men doim yoshligimni eslayman. Maktabga borganimizda hammada bir xil telpak, etik va bir xil palto bo‘lardi. Tanaffus vaqtida sumkalarimiz bir xilligidan adashib ham qolardi. Hozir farzandingizga palto olib bersangiz, maktabga borib boshqa sinfdoshida ham xuddi shunaqasini ko‘rib, “boshqasini olib bering” deb turib oladi. 

Oldin qishloqlarda hammani yig‘ib sayllar o‘tkazilar edi. Yoki bir qo‘shnini uyiga yig‘ilib, kitob o‘qishardi. Men qaysi qishloqqa borsam ham bir narsani tanqid qilaman. Doim erkaklar qayerda, kimni uyida karta o‘ynayapti deb so‘rayman. 

Hayotiy haqiqat – shu. Ilgari hamma narsa boshqacha edi. Xuddi shunaqa stolda kattalar o‘tirgan bo‘lsa, bolalar uzoqda turardi. Hozir unday emas. Bu qaysidir ma’noda ommaviy madaniyat ko‘rinishi bo‘lgan. Olmaliqda yig‘ilish o‘tkazdik o‘sha yerda ma’naviyat bo‘yicha hokim stipendiyasini berishimizni aytdik. U yerda asosan rus va o‘zbek millatiga mansub aholi yashaydi. Baralla o‘zbek tilida she’r ayta olishsa, stipendiya beramiz. Shu gapni aytganimda, hamma jim bo‘lib qoldi. Assalomni bilishadi, qolgan harakatlari boshqacharoq. Ommaviy madaniyat sekin-sekin kirib boryapti”, deydi hokim.

Siz oxirgi marta qaysi kitobni o‘qidingiz deb so‘raganimizda, u Marsel Brionning “Menkim, Sohibqiron – Jahongir Temur” kitobini ikkinchi marotaba o‘qiganini aytdi. U so‘zida davom etib, hokimlar mahallalar, qishloqlarga ko‘proq borishi kerakligini ta’kidladi.
 

“Hokim bo‘lib ish boshlaganimga 22 yil bo‘ladi. Men ham mahallalarga borishga qo‘rqqanman, tortinganman. Sababi qo‘limda pul bo‘lmagan. Hokim bo‘lgan birinchi yillarimda Volga avtomobiliga 5 litr benzin berardi. Meni benzinim esa 11 da tugab bo‘lardi. Keyingi tashvish esa qolgan ishlarni bajarish uchun benzinni qayerdan olishim bo‘gan. 

Bugun hokimlarning qo‘lida hamma narsa bor. Oldin uchta o‘rinbosarim bo‘lgan. Lekin birortasida mashina bo‘lmagan. O‘rinbosarlarning biri soliqqa boshchilik, moliyaga rahbarlik qilardi. Lekin bir joyga bormoqchi bo‘lsa soliqni mashinasiga “osilib” borardi. Bugun esa xizmat uyigacha bor. 

Qishloqlarga borishimizdan asosiy maqsad, odamlar bugun gapirishni o‘rgangani. Chekka qishloqlarga borsangiz hamma o‘z dardini gapiradi. Uzoq qishloqda yashaydiganlar, tepadagilar bizni dardimiz bilan qiziqmaydi, deb o‘ylashadi. Unday emas. Xalq shunaqa ahvolda yashayotganini bilib keldik. Toshkent viloyatida katta salohiyat bor. Toza havo bor. Masalan bu qishloqdagi eng katta muammo – bu yo‘l masalasi. Ikkinchisi ishsizlik. Ayollar pishir-kuydirni bilishadi, lekin sotish uchun do‘kon yo‘q”, deydi Toshkent viloyati hokimi.

Zoyir Mirzayev hokimlik lavozimlarida ishlagan davrida 2 yil Samarqand, 2 yil Qashqadaryo, hozir esa Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib borgan. U har uchta viloyatni farqlar ekan shunday deydi:

“Viloyat boshqaruvidagi farq unchalik katta emas. Lekin, qayerdadir chapanilik, qayerdadir madaniyat, qayerdadir borini ham aytmay turishlik holati mavjud. Xalq o‘zimizniki, xo‘roz hamma joyda bir xil qichqiradi, deb bekorga aytilmagan. Pastki bo‘g‘imga e’tibor berilsa, maktab, tibbiyot bo‘lsa, renessansni asosi shu bo‘ladi”. 

Sodda Pskomliklarni xursand qilgan narsa Toshkent viloyati hokimining qishloqda tunashi bo‘ldi. Gulxan atrofiga yig‘ilgan 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan pskomliklar hokim bilan erkin suhbat qilib, raqsga ham tushishdi. Hokim oddiy odamlar davrasida o‘tirib, ularning dardi-tashvishi va quvonchiga sherik bo‘ldi. Mirzayev Pskom qishlog‘ida maqom kuyladi. U O‘zbekiston xalq hofizi Soyibjon Niyozovga jo‘r bo‘ldi. 

Shu tariqa Pskom qishlog‘idagi birinchi kun o‘z nihoyasiga yetdi. Tong esa doimgilaridan boshqacha otdi. Erta tongdan tandirda yopilgan non va qurtoba ichib, ishimizni boshladik. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev kimning xonadonida tunagani va qishloqdagi kuni qanday o‘tgani haqida aytib berdi. 

“Kecha kam ta’minlangan oilalardan biriga, Zuhra opaga sovg‘a olib kelgandik. U kishi “Uchta o‘g‘lim kontraktda o‘qiydi, turmush o‘rtog‘im olti oy avval olamdan o‘tgan, 30 million kreditimizni yopolmayapmiz”, deb masala qo‘ygan edik. Kechqurun shu kishining uyida qoldik. O‘g‘illari bilan gaplashdik, hammasini hal qildik. 30 million kreditini to‘lab beradigan bo‘ldik. Soliq inspeksiyasining rahbari ham o‘sha yerda qoldi. U kishi kontraktni to‘lab berishni va’da qildi”, deydi Zoyir Mirzayev. 

Hokimning tongda qanday nonushta qilgani bilan ham qiziqdik.

“Sut ichdik, zo‘r”, deydi Zoyir Mirzayev. 

Pskomda tashkil qilingan tadbirlardan yana biri – Ko‘pkari. Ko‘pkariga nafaqat pskomliklar, balki qo‘shni qishloqlardan ham mehmonlar keldi. 

“Toshkent viloyatida Ot federatsiyasi bor, federatsiyaning vazifasi ko‘pkarilar tashkil qilish. Ichki ishlar xodimlariga bu yerdagi hafsalasizlikni ta’minlash yuklatilgan. Ko‘pkarilar azaldan o‘tkaziladi va biz an’anani davom ettirish maqsadida xomiylik asosida kichikroq qilib o‘tkazyapmiz”, deydi hokim.

Ko‘pkariga viloyat hokimi qanday sovg‘a bilan kelgani, uning ot minishga uquvi bor yo‘qligiga qiziqdik.

“O‘zimni nomimdan muzlatgich va uch yuz ming so‘m pul berdik. Ko‘pkarida uloq chopish darajasida qatnashmaganman. Lekin otga mehrim boshqacha. Ot minish ham bir san’at. Samarqandda otim bor va bu jonzot katta e’tibor va xarajat talab qiladi”, deydi Toshkent viloyati meri.

Pskom qishlog‘iga sayohatimiz shu tarzda o‘tdi. O‘zining tabiati, mehribon va mehmondo‘st odamlari ila yodda qolgan bu qishloqda ancha o‘zgarishlar bo‘ladi va va’dalar bajariladi, degan umiddamiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

Zoyir Mirzaev qishloqda bir kun Pskom

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing