Zokirjon Almatov bilan intervyuni 18 kunda 1,2 mln kishi tomosha qildi

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yilning 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov bilan eksklyuziv intervyuni e’tiboringizga havola etgan edik. 

70 yoshni qarshilash arafasida turgan Zokirjon Almatov OAVga ilk bor intervyu berdi. 

1991-2006 yillarda Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Zokirjon Almatovning intervyusi saytimiz kuzatuvchilari tomonidan juda katta qiziqish bilan kutib olindi. Suhbat davomida Almatov quyidagi mavzularda so‘z ochgan edi. 

•    1989 yil Bo‘ka voqealari;
•    1990 yil Parkent voqealari;
•    1991 yil Prezident Karimovga ochiqdan ochiq qarshiliklar, muxolifatning yuzaga kelishi;
•    1992 yil “Yoshlik” talabalar shaharchasidagi namoyish;
•    1999 yil 16 fevral voqealari, Islom Karimovga uyushtirilgan suiqasd;
•    2004 yil Chorsudagi mudhish tong;
•    2005 yil butun dunyoni larzaga keltirgan Andijon voqealari;
•    Almatov iste’fosidan so‘ng mamlakatda huquq-tartibot organlari orasida norasmiy liderlik IIVdan MXXga o‘tishi;
•    uyushgan jinoyatchilik, Salim Abduvaliyev va G‘afur Rahimovning mamlakat rivojiga qo‘shgan hissasi.

Intervyu nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarda, qator xalqaro OAVda ham qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Zokirjon Almatovning 2005 yil may oyida Andijonda sodir bo‘lgan voqealar haqidagi ochiqlamasi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. 

Biz ushbu intervyu va uning qisqa videoroliklari umumiy hisobda qancha tomosha qilinganini hsioblab chiqdik. Natija esa maqtanishga arzigulik. 

Joriy yilning 18 mart kuni taqdim etilgan mazkur intervyu bugun, 5 aprelga qadar o‘tgan 18 kun davomida QALAMPIR.UZ sayti, YouTube, Mover va ijtimoiy tarmoqlar – Instagram, Facebook’dagi sahifalarimizda jami 1 million 200 ming martadan ortiq tomosha qilingan. 

Intervyuga aloqador matnli ma’lumotlar – maqola, xabar, yangiliklar jami 850 ming 790 kishi tomonidan o‘qilgan. Intervyuga nisbatan YouTube, Mover sahifalari va Instagram, Facebook orqali 7 mingdan ortiq izohlar kelib tushgan. Intervyu lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda 5 ming kishi tomonidan ko‘chirib olingan. 

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov bilan o‘tkazilgan intervyu ko‘pchilikning e’tiborini qozonganidan dalolat berib turibdi. 

Biz esa harakatda davom etamiz. Tez orada Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Baku shahri meri Eldor Azizov bilan eksklyuziv intervyuni e’tiboringizga havola etamiz. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Zokirjon Almatov

Baholaganlar

55

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing