Zokirjon Almatov 70 yoshni qarshiladi
Jamiyat
−
10 Oktabr 2019
12670Birinchi bo‘lish oson emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, Zokirjon Almatovich Almatov ham mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar sohasida birinchi bo‘ldi. U mamlakat Ichki ishlar vazirligini tuzishda ishtirok etgan, mamlakatda jinoyatchilik urchigan, odamlar bilan muloqot qilish qiyin bo‘lib qolgan davrlarda faoliyat yuritgan vazir. 1949 yilning 10 oktyabr kuni tavallud topgan Zokirjon Almatov bugun 70 yoshni qarshiladi.
Zokirjon Almatov 1991 yildan 2006 yilgacha – 15 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritganda, davlat boshidan qanday kunlar o‘tmadi deysiz. Ayniqsa, uyushgan jinoyatchilik va terrorizm xavfi kuchaygan, hududlarda tinimsiz portlashlar kuzatilgan paytlarda Almatovning qat’iy qarorlar qabul qilishdagi prinsiplari shakllangan. Uning ham shaxs, ham arboblikdagi sifatlari o‘rtaga chiqqan. O‘sha davrlarda Ichki ishlar vazirligi tizginni qo‘liga olish uchun qanchalik qattiqqo‘l siyosat yuritmasin, odamlar ishonchini qozongan, hurmat topgan. Almatov esa vazirlik tizimida, xodimlar orasida oilani shakllantira olgan.
Almatovni xalqimiz, yoshlar, Ichki ishlar organlaridagi xodimlar ardoqlaydi. Adolatli rahbar, ishonchli do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladigan maslahatchi va Ichki ishlar xodimlarini xafa qildirib qo‘ymaydigan inson sifatida biladi.
U sohada 1971 yilda ish boshlagan. 1976 yilda Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. 1990-1991 yillarda Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritadi. Hali O‘zbekiston mustaqil bo‘lmagan davrlar. Respublikaning turli hududlardagi norozilik namoyishlari avj olgan vaqtlar. Ayniqsa, Parkent va Bo‘ka voqealari mamlakat hayotida kun tartibida bo‘lgan vaqtda Almatovning shaxsiyati yanada namoyon bo‘lgan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. 1991 yilning 16 sentyabr kuni Zokirjon Almatov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida ish boshladi.
1992 yilda general-moyor, 1996 yilda general-leytenant, 1999 yilda general-polkovnik harbiy unvonlari bilan taqdirlandi.
Almatovning Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyati faqat mukofot va maqtovlar bilan o‘tgani yo‘q. Albatta, og‘ir, tahlikali va kutilmagan qarorlar olishga, oliy maqsad bo‘lgan xalq farovonligi va yurt tinchligini saqlab qolish uchun o‘lim bilan ro‘baro bo‘lishga to‘g‘ri kelgan vaqtlar ham bo‘lgani aniq. Xalqimiz 1992 yil ro‘y bergan “Yoshlik” talabalar shaharchasidagi namoyishlarni, 1999 yil 16 fevral voqealarini, 2004 yil poytaxtning Chorsu bozorida sodir etilgan qo‘poruvchilikni, 2005 yil butun dunyoni larzaga keltirgan Andijon voqealarini yaxshi eslaydi. Ana shunday vaziyatlarda Almatov kuchli iroda sohibi, asl Vatan himoyachisi ekanini namoyon eta oldi.
2005 yilda Zokir Almatovich Almatovning salomatligida muammolar kuzatiladi. Shifokorlar bir muddat tanaffus qilish kerakligi, xastalikning oldini olish uchun operatsiya zarurligini aytadi. Shu bois Zokirjon Almatov 2005 yilda o‘z xohishiga binoan iste’foga chiqadi. 1999 yil voqealarida ko‘rsatgan qahramonligi uchun “Shon sharaf” ordeni bilan mukofotlangan Almatov, 2005 yil iste’foga ketish oldidan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanadi.
U 12 yil Ichki ishlar vazirligi tizimidan ayri hayot kechirdi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lgach, 2018 yildan e’tiboran Zokirjon Almatov Ichki ishlar vaziri maslahatchisi o‘laroq yana ish boshladi.
LiveBarchasi