Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga O‘zbekiston rahbariyati tomonidan tazyiq bo‘lganmi?
Jamiyat
−
08 may 2019
21660Teglar: Sobiq ichki ishlar vaziri general-polkovnik Zokirjon Almatov mustaqillikning dastlabki yillarida yuz bergan ziddiyatli voqealar, tashviqot va terrorchilik harakatlariga shaxsan guvoh bo‘lgan. U “O‘zbekiston ovozi” nashriga bergan intervyusida o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Zokirjon Almatov suhbat davomida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan bog‘liq ba’zi ma’lumotlarni oshkor qildi.
“Yurtdoshlarimizga ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo etilgan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, u kishi nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi.
Bir misolni aytay, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham muftiy, ham sobiq Ittifoq Oliy kengashi deputati sifatida sovet hukumati rahbariyatiga musulmonlarning haq-huquqlarini hurmat qilish, ular uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari ko‘tarilgan maxsus bayonnoma taqdim etgan. Aynan shu misolning o‘zi ham u kishining vatanparvarligi, jasoratini ko‘rsatib turibdi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bir umr Islom dini haqiqatlarini fidoyi bo‘lib targ‘ib etib kelgan, bu mavzuda ko‘plab kitoblar yozgan, yuksak ma’naviyatli inson edilar. Bunday ma’rifatparvar, dili pok zot xotirasi oldida faqat haqiqatni aytish lozim, albatta. Asossiz, ayniqsa, yolg‘on aralashgan gap-so‘zlar u kishining ruhini bezovta qiladi, deb o‘ylayman.
Yana takror aytaman: bu ulug‘ zot nafaqat g‘oyat ma’rifatli, ayni chog‘da jur’atli inson bo‘lgan. 1990-yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi sifatida mintaqada musulmonlarning birdamligini saqlash, turli fitna va guruhbozliklar kelib chiqishining oldini olishda o‘tkir zehn, jasorat bilan xizmat qilganlar.
1991-1993 yillarda mamlakatda og‘ir vaziyat yuzaga kelgan edi. Toshkent shahrida, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida muqaddas dinimizni niqob qilib olgan g‘alamislar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni hukumatga qarshi qo‘yishga intilib, turli tartibsizliklarni tashkil qilishga urindilar. «Adolatchilar», «Islom lashkarlari» degan to‘dalarni tuzishga harakatlar bo‘ldi. Chalasavod, johil kimsalar to‘planib olib, jinoyatchilikka qarshi kurashyapmiz, degan niqob bilan odamlarni o‘zlari «sud» qilib, jismoniy jazo qo‘llash holatlarini sodir etishdi. Ana shu qiyin vaziyatlarda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari hududlarga shaxsan o‘zlari borib, aholi bilan gaplashib, vaziyatni o‘nglash, mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni o‘rnatish masalasida juda katta ishlarni amalga oshirganlar. Shu insonning bevosita harakatlari bilan ko‘p g‘alayonlarning oldi olindi. U kishining Islom olamidagi katta obro‘si, mamlakatda tinchlik osoyishtalik o‘rnatishdagi beqiyos xizmatlari yuksak e’tirofga loyiqdir.
O‘sha davrda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bilan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘rtasida ziddiyatlar bor, shayxga nisbatan tazyiq o‘tkazilayapti, degan ig‘vo va bo‘htonlar tarqalgan edi. Shu yillarda Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan inson sifatida bir narsani aytmoqchiman. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan.
Ko‘pchilikka noma’lum bir voqeani aytay, 1992 yilning oxirlarida ayrim davlatlarning maxsus xizmatlaridan bizga ketma-ket tezkor xabarlar kelib tushdi. Ma’lum qilinishicha, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Farg‘ona vodiysining qaysidir tuman yoki shahriga borgan vaqtlarida, u kishiga nisbatan terrorchi guruhlar tomonidan suiqasd uyushtirilishi rejalashtirilayotgan ekan.
O‘sha paytda Birinchi Prezidentimiz topshirig‘iga binoan ana shu terroristik harakatlarning oldini olish maqsadida tezkor qidiruv ishlari amalga oshirildi va tabiiyki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari davlat himoyasiga olindi. Ammo g‘alamislar o‘z o‘yinlarini davom ettirdi. Ularning niyati Shayxga suiqasd uyushtirib, bu jinoyatni Respublika rahbariyatiga to‘nkash edi. Shu tariqa jamoatchilikni amaldagi rahbariyatga qarshi qo‘yish, g‘avg‘o chiqarish, urush olovini yoqish edi.
Terrorchilarning ayyorligini, pastkashligini qarang, ular Shayxga suiqasd uyushtirishdan oldin mamlakat rahbari bilan shayx o‘rtasida nizo chiqqan, degan gap tarqatishdi. Shundan so‘ng shayxni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Agar ularning qora niyati amalga oshsa, «ana, biz ogohlantirgandik, bu jinoyatni hukumat qildi», deb dunyoga jar solmoqchi bo‘lishgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Men tufayli mamlakatda notinchlik bo‘lmasin», degan niyatda musulmon mamlakatlaridan birida vaqtincha yashab turishga qaror qildilar, o‘zlarining bu fikrlarini shaxsan menga bir necha marotaba aytganlar...
Shayx hazratlarining suyukli ukalari Muhammadamin aka 1999 yilda menga akalari Vatanga qaytmoqchi ekanliklarini aytdilar. Men Shayx hazratlarining niyatlarini Islom Abdug‘aniyevichga yetkazdim. U kishi bu xabarni mamnuniyat bilan qabul qildilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari tez orada O‘zbekistonga qaytdilar va umrlarining oxrigacha ilm-ma’rifat bilan shug‘ullandilar.
Xalqimiz, barcha mo‘min-musulmonlar uchun u kishining vafotlari ulkan yo‘qotish bo‘ldi. Minglab yurtdoshlarimiz Shayx bilan vidolashuvga keldi, o‘zining cheksiz mehr-muhabbatini, hurmatini bildirdi. Hozirgi kunda ham Shayxning kitoblari qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilmoqda, insonlarni to‘g‘ri yo‘ldan boshlashga xizmat qilmoqda. Xalqimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bilan to abad faxrlanadi va u kishini hech qachon yoddan chiqarmaydi, bunga ishonchimiz komil”, dedi Zokirjon Almatov.
LiveBarchasi