Zirabuloq magistral gaz quvurida portlash bo‘ldi
Jamiyat
−
03 fevral 2020
7415Kecha, 2 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Narpay tumani hududida katta magistral gaz quvuri portlagani haqida xabar va videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi Zirabuloq magistral gaz quvurida bugun, 2 fevral kuni soat 16:45 larda "BGR-TBA" magistral gaz quvurlari 1- va 4-tarmoqlarining gaz quvuri yorilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan. Avariya natijasida jarohatlanganlar va qurbonlar yo‘q.
"O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyatining Zirabuloq magistral gaz quvurlari boshqarmasi maxsus ishchi guruhining tezkor harakatlari natijasida soat 17:15 da yong‘in bartaraf etildi.
Qayd etilishicha, "BGR-TBA" magistral gaz quvurlarining 2-3 tarmoqlari orqali gaz transport tizimi uzluksiz ishlashi yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda Zirabuloq, G‘allaorol, Muborak va Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmalarining maxsus ta’mirlash brigadalari talofatni bartaraf etish maqsadida voqea joyida ish olib bormoqda. Qisqa muddatlarda magistral gaz quvurlari qayta ishga tushiriladi va barqaror ishlashi ta’minlanadi.
"Yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Tabiiy gaz iste’molchilaridan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun “O‘ztransgaz” AJ oldindan uzr so‘raydi", deyiladi vazirlik xabarida.
LiveBarchasi