Zimbabveda odamlarni boqish uchun 200 ta fil so‘yiladi
Olam
−
18 Sentabr
4024Zimbabve hukumati so‘nggi 40 yil ichida kuzatilayotgan eng kuchli qurg‘oqchilik sabab aziyat chekayotgan aholini boqish uchun 200 ta filni so‘yishga qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, quruq ob-havo tufayli kuzatilayotgan qurg‘oqchilik Afrika janubida ekinlarni nobud qilgan va 68 millionga yaqin odamni oziq-ovqatsiz qoldirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zimbabve mahalliy tabiat qo‘riqxonalari 55 ming fil uchun mo‘ljallangan, lekin mamlakatda 84 mingdan ortiq fil yashaydi va bu sezilarli darajada ko‘p.
“So‘yilgan fillarning go‘shti jabrlangan oilalarga tarqatiladi", dedi Zimbabve bog‘lari va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi vakili Tinashe Faravo.
Qayd etilishicha, Zimbabve, shuningdek, BMT konvensiyasi tomonidan taqiqlangan fil suyagi va tirik fillar savdosini qayta yo‘lga qo‘ymoqchi. Mamlakatda taxminan 600 ming dollarlik fil suyagi zaxiralari mavjud, biroq xalqaro taqiqlar tufayli mamlakat ularni sota olmaydi.
Ma’lumot uchun, 200 000 ga yaqin fil Afrikaning beshta janubiy davlati, jumladan, Zimbabve, Zambiya, Botsvana, Angola va Namibiyadagi qo‘riqxonalarda yashaydi va bu mintaqani dunyodagi eng katta fil populyatsiyalaridan biriga aylantiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afrikaning boshqa davlati – Namibiya hukumati ham 83 ta filni o‘ldirishga va go‘shtni qurg‘oqchilikdan jabrlanganlarga tarqatishga qaror qilgan edi.
LiveBarchasi