Zilzila xavfi qo‘rqitayotgan Istanbul turistlar oqimi bo‘yicha rekord o‘rnatdi
Olam
−
28 avgust 2023 7951 2 daqiqa
2023 yil iyul oyida Turkiyaning eng yirik shahri Istanbulga rekord miqdordagi xorijlik sayyohlar tashrif buyurdi. Bu haqda shahar madaniyat va turizm boshqarmasi xabar berdi.
2023 yil iyul oyida Istanbul turli mamlakatlardan 1 873 097 nafar sayyohni qabul qilgan, bu 2022 yilga nisbatan 6 foizga ko‘pdir. Qolaversa, bu so‘nggi 10 yildagi rekord ko‘rsatkich. Istanbulga eng ko‘p sayyohlar Rossiyadan kelgan – 185 636 kishi.
Joriy yilning atigi yetti oyida Istanbulga 9 million 776 ming 635 nafar sayyoh tashrif buyurgan.
Avgust oyi boshida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2023 yilda Turkiyaga kelayotgan rossiyalik sayyohlar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatilishi mumkinligini aytgan edi. 2022 yilda Turkiyaga 44,6 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ulardan 5,2 millioni rossiyaliklar. Rossiyadan kelgan sayyohlar soni bo‘yicha rekord 2018 yilda Turkiyada o‘rnatildi. Keyin respublikaga Rossiya Federatsiyasining qariyb 6 million fuqarosi borgan.
Shuni aytish o‘rinliki, Istanbul betakror turistik shahar bo‘lsa-da, allaqachon butun dunyo sayyohlarining qo‘rquvini uyg‘atayotgan shaharga aylangan. Boisi bundan biroz avval turkiyalik seysmologlar Marmara dengizi mintaqasida, xususan 16 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Istanbul shahrida 7,2-7,6 balli zilzilalar bo‘lishini bashorat qilgandi. Zilzila qachon bo‘lishi ma’lum emas, biroq rasmiy idoralar allaqachon tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
Seysmologlarning fikricha, kutilayotgan yuqori magnitudali silkinishlar ortidan shahardagi 90 mingga yaqin bino darhol qulashi, 260 mingdan ortig‘iga zarar yetib, yashash uchun yaroqsiz holga kelishi va buning oqibatida 4,5 million aholi boshpanasiz qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudali kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘y bergan zilzila qurbonlar soni 50 mingdan oshgan. Shuningdek, mamlakatning Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi 763 000 ta binoga zarar yetgani, kamida 41 791 bino jiddiy shikastlangan yoki vayron bo‘lgani haqida ma’lumot bergan.
Live
Barchasi