Zilzila 3 mingdan ortiq silkinishlarga sabab bo‘lgan. Erdo‘g‘an yangi ma’lumotlarni ochiqladi

Olam

image

6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan zilzilalar 3000 dan ortiq yer silkinishlariga sabab bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 14 fevral kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi. 

“3170 ta yer silkinishi bilan sodir bo‘lgan zilzilalar 13 million kishi yashaydigan viloyatlarimizda katta vayronagarchiliklarga olib keldi. Zilzilaning halokatli ta’siri 500 km maydonni qamrab oldi. Bu zilzilalar yuzlab eng kuchli atom bombalariga teng energiya ishlab chiqardi. Birinchi zilzila paytida zarar ko‘rgan ba’zi binolar ikkinchi zilzila paytida qulab tushdi”, deydi Turkiya rahbari. 

Unga ko‘ra, zilzilalar oqibatida 35 418 kishi halok bo‘lgan. Shunday qilib, 6 fevraldagi zilzilalar Turkiyaning zamonaviy tarixidagi eng halokatli zilzilaga aylandi. Turkiyadagi avvalgi eng dahshatli zilzila 1939 yilda Erzinjon shahri yaqinida sodir bo‘lgan, 33 mingga yaqin odam tabiiy ofat qurboni bo‘lgan. 

“Turkiya hukumati birinchi bosqichda zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda 30 ming uyni qayta qurishni rejalashtirmoqda, jarayon mart oyida boshlanadi”, deydi Prezident.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat paytida jabrlanganlarning 13 ming 208 nafari ayni paytda mamlakat shifoxonalarida davolanmoqda. Zilzila sodir bo‘lgan hududda 175 mingdan ortiq chodir va 5400 ta konteyner tipidagi uylar o‘rnatilgan. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, hozirda zilziladan jabr ko‘rgan jami 1,6 million kishining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji qondirilgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra,  Turkiya hukumati butun zilzila zonasida uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun bir yil ichida sifatli va xavfsiz binolarni qurishni yakunlash niyatida. 

Turkiya rahbarining ta’kidlashicha, butun dunyo mutaxassislari Turkiyadagi vayronkor zilzilalarni “alohida tabiiy hodisa” deb atagan. 

Halokat zonasida 250 mingga yaqin davlat xizmatchisi qidiruv-qutqaruv va boshqa ishlarga jalb qilingan. Erdo‘g‘an zilziladan zarar ko‘rgan hududlarda qidiruv-qutqaruv ishlari vayronalar ostidan oxirgi jabrlanuvchi olib chiqilgunga qadar davom etishini ta’kidladi. 

Turkiya rahbari, shuningdek,  tabiiy ofat hududida 28 ming turk askari xizmat qilayotganini aytdi. 

Davlat rahbari 15 fevral kuni Turkiya vaqti bilan soat 20:00da Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Kipr Turk Respublikasida “Turkiya bir yurak” shiori ostida zilzila qurbonlariga yordam aksiyasi o‘tkazilishini qo‘shimcha qildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi vayronkor zilzila qurbonlari 35 ming 418 nafarga yetdi. 105 ming 505 kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiyadagi zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing