Jurnalist Sharifa Madrahimova Facebook'dagi postidan so‘ng IIBga chaqirtirildi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2023
28057Ijtimoiy tarmoqlarda farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimova Facebookʼda joylagan postidan so‘ng g‘oyib bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.
Gap shundaki, jurnalist o‘zining Facebook’dagi sahifasiga unga kelib tushgan murojaatni e’lon qilgan. Murojaatda Uchko‘prik tumanidagi 3-sonli maktab direktori o‘quvchi qizni urib, jarohat yetkazgani, sud esa direktorga bor-yo‘g‘i jarima jazosini tayinlagani keltirilgan. Shuningdek, murojaatda kaltaklangan qizning dadasi sud hukmidan norozi bo‘lib apellyatsiya shikoyati yozgani, ammo hali ham javob berilmagani bildirilgan.
Ushbu postidan so‘ng, jurnalist Sharifa Madrahimova g‘oyib bo‘lgan. Shundan keyin Facebook’da ko‘plab jamoatchilik vakillari, ziyolilar va jurnalistlar “Sharifa Murod qayerda?” heshtegi ostida chiqish qila boshladi.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ “Buvayda ko‘zgusi” gazetasi jurnalisti Sharifa Madrahimova bilan bog‘landi.
Uning ma’lum qilishicha, 13 sentyabr kuni tuman Ichki ishlar boshqarmasi profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun chaqiruv qog‘ozi kelgan. Profilaktika inspektori Madrahimovaga ustidan ariza kelib tushganini bildirib, “Boboshbek” mahallasidagi xizmat xonasiga kelishini so‘ragan.
Sharifa Madrahimova QALAMPIR.UZ’ga ahvoli yaxshiligi va unga hech qanday tahdid bo‘lmaganini aytdi. Shuningdek, u advokat yollaganini va IIBga borishini ham qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Sharifa Madrahimova o‘z faoliyatini olib borayotgan vaqtda tuman hokimligi vakili tomonidan qarshilikka uchragan edi.
Shundan so‘ng, Uchko‘prik tuman hokimligi vakili Shohjahon Mo‘ydinov kasb etikasi me’yorlarini buzgani sababli ishdan bo‘shatilgan.
LiveBarchasi