“Tumanlarda haliyam qonun hokim ekan”. Uchko‘priklik jurnalistning da’vosi yo‘q, lekin e’tirozi bor
Jamiyat
−
28 aprel 2020
8483Xabaringiz bor, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi, “Ma’rifat” gazetasi muxbiri Sharifa Madrahimova o‘z faoliyatini olib borayotgan vaqtda tuman hokimligi vakili tomonidan qarshilikka uchragan edi. Noqonuniy qarshilikka.
Shundan so‘ng, Uchko‘prik tuman hokimligi vakili Shohjahon Mo‘ydinov kasb etikasi me’yorlarini buzgani sababli ishdan bo‘shatildi.
Voqealar rivojining keyingi holatlari haqida ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng, QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi.
Ekspertiza xulosasi
Ma’lum bo‘lishicha, holat bo‘yicha 22 aprel kuni jurnalistning badanida tan jarohati bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish uchun sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Qo‘qon tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza punktining 23 apreldagi 1524-sonli xulosasiga ko‘ra, jurnalist Sharifa Madrahimovada tan jarohatlar aniqlanmagan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida tuman hokimligi vakili va IIB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish maqsadida Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘i nomiga taqdimnoma kiritilgan. O‘tkazilgan ichki idoraviy tekshiruvdan so‘ng, tuman hokimi kotibi Shohjahon Mo‘ydinov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Tekshiruv davomida o‘nga yaqin shaxslardan tushuntirish olingan. Jurnalist Sharifa Madrahimovaning o‘zi holat qonuniy ko‘rib chiqilgani va hokimlik vakili undan kechirim so‘ragani uchun hech qanday da’vosi yo‘qligini aytgan.
Jurnalist yozgan post
Rasmiy idora ma’lumotidan so‘ng, jurnalist o‘zining Facebook’dagi сахифасиda bo‘lib o‘tgan voqealarga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan.
“21.04.2020 yilda voqea bo‘ldi. 22.04.2020 y. kuni meni tuman hokimi bilan uchrashtirishdi. Tuman hokimi mening IIBda ushlab o‘tirilganimdan xabarsiz ekanligini aytdi. Vaholanki, men unga 9:01 da “Meni militsiya olib kirib ketyapti”, deb SMS yozgan edim. Shuningdek, 9:52 da ham unga qo‘ng‘iroq qilib militsiyaxonada meni noqonuniy ushlab o‘tirishganini aytganman. Shohjahon Mo‘ydinovga nisbatan hech qanday da’voyim yo‘qligini aytmaganman, uni ishdan bo‘shatishlarini talab qilganman.
Bu voqeadan xulosalarim shuki, hali-beri biz demokratik davlat qura olmas ekanmiz. Chunki katta shaharlarda bilmadimu, ammo tumanlarda haliyam qonun hokim hisoblanar ekan. Ichki ishlar, prokuratura, sud, soliq bo‘limlari ham hokim buyurgan ishni amalga oshirar ekan”, deyiladi jurnalist postida.
Madrahimova shuningdek oldingi intervyularida Sh.Mo‘ydinovga, A.Madrahimovga nisbatan da’vo arizasi yozmasligini aytgan va buni vaqti yo‘qligi bilan izohlagan.
“To‘g‘ri qilgan ekanman. Chunki menga nisbatan Sh.Mo‘ydinov IIBga ariza yozganligi uchun uch kun ko‘rsatma berib chiqdim.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida “yaqin kunlarda hokimlarni ham xalq saylaydigan bo‘ladi”, degan edi. Shu kunlar tezroq kelishini xohlardim. Chunki hokimlarni xalq saylamas ekan, ularning oyog‘i yerdan uzilaveradi.
Endi tuman hokimligiga e’tirozim (da’vo qilmayman) Sh.Mo‘ydinovning ishdan bo‘shatilganligi haqidagi buyruqni ommaga havola qilinglar! U O‘zbekiston Respublikasi "Mehnat kodeksi"ning qaysi moddalariga asosan ishdan bo‘shatildi? Uning qachon ishga qabul qilinganligi haqidagi buyruqdan ko‘chirma bo‘lishi kerak. O‘sha buyruqni ham ko‘rsatinglar. Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi va shu shartnomaning bekor qilingan nusxasini xalqqa ko‘rsatinglar.
Va nihoyat, Allohdan qo‘rqinglar! Hech kimni aldamanglar!”, deya post yakunlangan.
Bu ishlardan so‘ng, jurnalist bilan suhbatlashdik. U kishi saxifasidagi postni o‘qishimiz mumkinligini aytdi.
LiveBarchasi