Jurnalist Ruxsora G‘afurovaga oid ish bo‘yicha sud qarori chiqdi
3-sahifa
−
10 aprel
15511MY5 telekanali jurnalisti Ruxsora G‘afurova shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda ommaga oshkor qilgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan ish tugatildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ish joriy yilning 2 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi binosida ko‘rib chiqilgan.
Hujjatga ko‘ra, jurnalist G.B.ning (Xalq bankining Jizzax viloyati filiali xodimasi) shaxsiga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda ommaga oshkor qilganlikda ayblangan.
Ushbu ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan tugatilgan. Masalan, kodeksning 36-moddasi (ma’muriy jazo qo‘llanish muddatlari) 2-qismida bu kabi ishlar sudda bir oy ichida ko‘rib chiqilishi belgilangan. Mazkur kodeksning 271-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 7-qismida esa ishni ko‘rib chiqish paytiga kelib, 36-moddada nazarda tutilgan muddatlar o‘tib ketgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritishni boshlash mumkin emasligi hamda boshlangan ish tugatilishi qayd etilgan.
Sud ushbu qonunchilik talablarini inobatga olib, Ruxsora G‘afurovaga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasida (ma’muriy jazo qo‘llanish muddatlari) nazarda tutilgan ma’muriy jazo qo‘llash muddatlari o‘tib ketgani sababli kodeksning 271-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 7-bandiga asosan tugatishni lozim, deb topgan. Qisqacha qilib aytganda, Ruxsora G‘afurovaning ishini ko‘rib chiqish kechikkani uchun bu masala tugatilgan.
Ruxsora G‘afurova ishi
MY5 telekanali muxbiri Ruxsora G‘afurova Jizzax viloyatida Xalq banki xodimasi bir necha fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirib yuborgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Unda murojaatchilar ikki yildirki oylik va pensiya mablag‘lari o‘zlarining nomiga bank xodimi tomonidan olingan kredit sabab bankka o‘tib ketayotganini aytishgan. Mazkur surishtiruvdan so‘ng ma’muriy ish ochildi. Lekin kredit pullarni birovning nomiga rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirib yuborgani aytilgan bank xodimiga emas, balki bu muammoni yoritib chiqqan jurnalistga. 26 fevral kuni mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilishi kerak edi, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra, sud ishni tergovga qaytarib yubordi.
Xalq banki xodimi jurnalistik surishtiruv davomida uning ismi ochiqlanganidan norozi bo‘lgan va jurnalistni sudga bergan. Ammo surishtiruv davomida fuqaroning o‘zi u nomiga kredit olgan bank xodimining kimligini ochiqlagan. Shu sababdan, jurnalistning advokati uning hech qanday qonun-qoidani buzmaganini aytdi. Himoya tomoni fikriga ko‘ra, Ruxsora G‘afurova tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilmagan va shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilishga qaratilgan harakatlar yo‘q.