Jurnalist: so‘z erkinligidan mahkumlikkacha
Tahlil
−
02 noyabr 2020
9209Bugun dunyo davlatlarida jurnalist va blogerlarning mavqei jamiyatdagi demokratik tamoyillarga amal qilish darajasini ko‘rsatib beruvchi omillardan biri. “Erkin jurnalistika yaxshi va yomon bo‘lishi mumkin, ammo erkin bo‘lmagan jurnalistika faqat yomon bo‘ladi”, degan edi Albert Kamyu. Erkin jurnalistika orqali “og‘riqli” tomonlar yoritiladi, nuqsonlar bartaraf etiladi, davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik o‘rnatiladi. Ammo har doim ham jurnalist mehnati qadr topavermaydi. Oynadagi aksini ko‘rishga toqati yo‘q, sirlari fosh bo‘lishidan qo‘rqadigan amaldorlar jurnalistlarga bosim o‘tkazadi, ta’qib qiladi.
Bugun, 2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini to‘xtatish xalqaro kunida global maydonda jurnalistlarga nisbatan qilinayotgan tajovuz va tazyiqlar haqida so‘z yuritamiz.
BMT Bosh Assambleyasining 2013 yil 18 dekabrda qabul qilgan rezolyutsiyasiga asosan, har yilning 2 noyabr kuni “Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni tugatish xalqaro kuni” sifatida nishonlanadi. Gap shundaki, tahririyat topshirig‘i bilan Malidagi qurolli to‘qnashuvlarni yoritish uchun yuborilgan ikki fransuz jurnalisti – Gxislaine Dyupont va Loude Verlon aynan shu kuni jangarilar tomonidan o‘ldirilgan.
Urush harakatlari ketayotgan hududlarda ishlash jurnalist uchun sezilarli xavf tug‘diradi. Jarohat olish, hatto o‘lib ketish ehtimoli yuqori bo‘lsa-da, xizmatdan bo‘yin tovlab bo‘lmaydi. Lekin tinch davlatlarda ham bu kasb egalarining o‘limi, ularga nisbatan qamoq jazosi, “noma’lum qo‘llar” tomonida qilinadigan tazyiqlar uchrab turadi.
So‘nggi o‘n ikki yilda 1010 nafar jurnalist o‘z xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida o‘ldirilgan. UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 yilda 124 nafar, 2014 yilda 98 nafar, 2015 yilda 115 nafar jurnalist o‘z kasbi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Birgina Ukrainda 2014 yildan beri 17 nafar jurnalistning joniga qasd qilingan.
Achinarli jihati shundaki, OAV vakillariga nisbatan sodir etilgan har o‘ninchi jinoyatning to‘qqiztasida aybdorlar jazodan qutilib qolmoqda. Buning sababi esa, Hukumat tepasidagi amaldorlar ham so‘z erkinligi vakillariga nisbatan yomon munosabatda bo‘ladi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining 2019 yilgi hisobotida dunyo bo‘ylab 250 nafar jurnalist qamoqda o‘tirgani aytiladi. Ularning asosiy qismi Xitoy, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr, Eritreya, Vetnam, Eron kabi davlatlarda faoliyat yurituvchi jurnalistlardir.
Dunyo hamjamiyatiga o‘zini din himoyachisi sifatida tanitayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdug‘an Hukumati ham jurnalistlar bilan yaxshi kelisha olmaydi. Turkiyada 2018 yil 68 nafar jurnalist hibsga olingan bo‘lsa, 2019 yil bu ko‘rsatkich 47 nafarga tushgan. Ammo, so‘nggi yillar davomida mamlakatdagi yuzga yaqin axborot nashrlari faoliyati to‘xtatilgan.
Xitoydagi jurnalistlar faoliyatini ham erkin deya olmaymiz. Negaki, 2019 yil oktyabr oyida Gonkongdagi g‘alayonlar haqida yozgan Xuan Syuyetsin "ijtimoiy norozilik keltirib chiqarish"da ayblanib qamoqqa olingan. Bloger yil davomida hibsga olingan jurnalistlarning qirq sakkizinchisi edi.
2018 yil 2 oktyabr kuni Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligida shafqatsizlarcha o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi voqeasidan so‘ng podshohlikda jurnalistik faoliyat yuritish hatarli ekani ma’lum bo‘ldi. 2019 yilgi hisobotga ko‘ra, ushbu arab davlatida hibsda saqlanayotgan 27 nafar OAV xodimlari ustidan turli xil bahonalar bilan sud hukmi o‘qilgan.
Ba’zi hollarda tayyorlangan jurnalistik materiallar o‘z muallifining o‘limiga sabab bo‘ladi. “Prees Emblem Campaign” nodavlat tashkilotining yillik hisobotiga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida dunyoning 26 mamlakatida 75 ta OAVning xodimlari o‘ldirilgan. Ushbu ro‘yxatda quyidagi davlatlar yetakchilik qiladi:
• Meksika – 13 nafar;
• Afg‘oniston va Pokiston – 8 nafardan;
• Suriya – 6 nafar;
• Gonduras – 5 nafar;
• Filippin – 4 nafar.
Garchi, O‘zbekistonda jurnalistlarga nisbatan ochiq bosim o‘tkazilmasada, ularning kasbiy faoliyatida to‘siqlar uchrab turibdi. “Yangi O‘zbekiston” deya ta’riflanuvchi bugungi Hukumat matbuot erkinligi tarafdoridek go‘yo. Ijtimoiy tarmoqlarda, oyinai jahonda, bosma OAV nashrlarida jurnalistlar bir qancha tanqidiy chiqishlar qilyapti. Biroq, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining 2019 yilgi hisobotida O‘zbekiston hanuz jurnalistlarni hibsda saqlovchi davlatlar ro‘yxatida qayd etilgan. Sud qaroriga ko‘ra, Xorazm viloyatining psixologik kasalliklar dispanserida majburiy davolanishga joylashtirilgan o‘zbekistonlik bloger Nafosat Olloshukurova ham hibsdagilar qatorida qayd qilingan.
Karim Zaripov
LiveBarchasi