Jo‘loniy Erdo‘g‘an bilan ham uchrashdi
Olam
−
11 aprel
3212Bugun, 11 aprel kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Suriya Arab Respublikasining o‘tish davridagi prezidenti Ahmad ash-Shara o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “En son haber” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarlarining muloqoti ushbu forum doirasida eng ko‘zga ko‘ringan uchrashuvlardan biri sanaladi va ayni damda barcha e’tibor ushbu uchrashuvga qaratilgan.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Ahmad ash-Shara ushbu tashrifi doirasida ko‘plab davlat yetakchi vakillari bilan uchrashadi va tanishadi.
Suriyaning o‘tish davridagi prezidenti Erdo‘g‘anga qadar forum doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Kosovo Prezidenti Vjosa Usmoniy, Qatar Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy, Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhan bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 11-13 aprel kunlari Turkiyada to‘rtinchi Antaliya diplomatiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forumga 140 ga yaqin davlatdan 450 ga yaqin vakil tashrif buyurgan. Tadbir Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an homiyligida “Parchalangan dunyoda diplomatiyani tiklash” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Uch kunlik forumda Yaqin Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, terrorizmga qarshi kurash, gumanitar yordam, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va sun’iy intellekt kabi keng ko‘lamli mavzular muhokama etilishi kutilmoqda.
LiveBarchasi