Ilhom Aliyev Jo‘loniyni Ozarbayjonga taklif qildi

Olam

image

Bugun, 11 aprel kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Suriya Arab Respublikasining o‘tish davridagi prezidenti Ahmad ash-Shara o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, Ilhom Aliyev Suriyada ro‘y bergan o‘zgarishlardan mamnunligini bildirib, Ahmad ash-Sharani ushbu voqea bilan tabriklagan.

Davlat rahbari sodir bo‘lgan o‘zgarishlardan so‘ng qisqa vaqt ichida ushbu mamlakatga Ozarbayjon delegatsiyasi yuborilgani, uzoq vaqt davomida Asad rejimi siyosati tufayli ishlamagan Ozarbayjonning Suriyadagi elchixonasi o‘z faoliyatini tiklaganini aytgan.

“Prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjon mamlakatda barqarorlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan Suriyadagi tiklanish jarayonida ishtirok etishga tayyorligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Ahmad ash-Shara ham o‘z navbatida Ozarbayjon tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirgan.

U Ozarbayjonning Suriyani kelajakda energetika, infratuzilma va xavfsizlik sohalarida qo‘llab-quvvatlashi muhimligini ta’kidlagan.

Suhbat chog‘ida Ozarbayjon-Suriya-Turkiya uch tomonlama hamkorlik formatini rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tilgan.

“Uchrashuvda ikki mamlakatning yuqori martabali rasmiy delegatsiyalari va ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zaro tashriflari to‘g‘risida kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.

Ilhom Aliyev  uchrashuv davomida  Ahmad ash-Sharani Ozarbayjonga taklif etgan. Suriyaning yangi rahbari esa ushbu taklifni minnatdorlik bilan qabul qilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 11-13 aprel kunlari Turkiyada to‘rtinchi Antaliya diplomatiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forumga 140 ga yaqin davlatdan 450 ga yaqin vakil tashrif buyurgan. Tadbir Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an homiyligida “Parchalangan dunyoda diplomatiyani tiklash” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Uch kunlik forumda Yaqin Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, terrorizmga qarshi kurash, gumanitar yordam, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va sun’iy intellekt kabi keng ko‘lamli mavzular muhokama etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antaliya diplomatiya forumi doirasida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Ozarbayjon Ilhom Aliev Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing