“Juda katta urush boshlanishi mumkin”. BMT insoniyatni ogohlantirdi

Olam

image

Butun dunyoda yirik miqyosli urush kelib chiqish ehtimoli bo‘yicha xavotirlar keskin ortdi. Oxirgi ikki yil ichida ekspertlarning qarashlarida u nisbatan uzoqdagi tahdiddan eng o‘tkir global xavflardan biriga aylandi. Bu haqda BMTning kecha, 15 sentyabr kuni e’lon qilingan yangi dokladida aytiladi.

Tadqiqot dunyoning barcha mintaqalaridagi hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va ilmiy doiralarning 1,3 ming nafar vakili javoblariga asoslangan.

Ishtirokchilar 28 ta siyosiy, iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy va texnologik xavflarni, jumladan, ularning yuz berish ehtimoli, mumkin bo‘lgan oqibatlari va xalqaro hamjamiyatning ularga qarshi turishga tayyorligini baholagan.

2024 yilga nisbatan yirik miqyosli urush vaqt bo‘yicha eng yaqin tahdidlar reytingida 16 pog‘onaga ko‘tarilgan – bu barcha xavflar orasidagi eng keskin o‘sishdir.

Respondentlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i – 36 foizi uning oqibatlari yaqin bir yil ichidayoq insoniyatning salmoqli qismiga ta’sir qilishi mumkin deb hisoblaydi, 76 foizi esa bu holat yaqin yetti yil ichida yuz berishi mumkin deb hisoblaydi.

Respondentlar yirik miqyosli urushni xalqaro hamjamiyat eng kam darajada tayyor bo‘lgan tahdidlardan biri deb atamoqda. U bir vaqtning o‘zida to‘rtta ko‘rsatkich: ahamiyatliligi, vaqt bo‘yicha yaqinligi, boshqa xavflar bilan o‘zaro bog‘liqligi va munosabat bildirishga tayyorgarlikning yetarli emasligi bo‘yicha birinchi oltitalikka kirgan yagona global xavfga aylangan.

Umuman olganda, global xavflarni qabul qilish va anglash oxirgi ikki yilda sezilarli darajada o‘zgargan.

Agar 2024 yilda eng katta xavotirlarni ekologik tahdidlar, dezinformatsiya va pandemiyalar keltirib chiqargan bo‘lsa, endilikda geosiyosiy keskinlik, urush va qonun ustuvorligining susayishi birinchi planga chiqqan.

Ommaviy qirg‘in qurollari ham Markaziy va Janubiy Osiyo, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlari va Okeaniyada Top-10 asosiy xavflar qatoridan joy olgan. Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda respondentlar ehtimoliy jahon moliyaviy inqirozi, sun’iy intellekt rivojlanishining salbiy oqibatlari va hokimiyatning texnologik kompaniyalar qo‘lida to‘planishidan xavotir bildirgan. SI bilan bog‘liq xavflar, shuningdek, Yevropa va Shimoliy Amerikada ham birinchi oltitalikka kirgan.

BMTga ko‘ra, doklad xavflarning anglanishini aks ettiradi, kelajakni bashorat qilmaydi. Biroq tahdidlar haqidagi tasavvurlar siyosiy qarorlar va resurslarning taqsimlanishiga ta’sir qiladi. Shu sababli dunyo qaysi inqirozlarning oldini olishga muvaffaq bo‘lishini ko‘p jihatdan belgilab berishi mumkin.

Ma’lumot uchun, BMT tadqiqotida har bir global xavf quyidagi 4 ta muhim ko‘rsatkich bo‘yicha alohida-alohida reytingga solingan:

  1. Ahamiyatliligi / Dahshatlilik darajasi (Significance) – oqibatlari kanchalik og‘ir bo‘lishi;
  2. Vaqt bo‘yicha yaqinligi (Proximity/Timeliness) – yaqin orada sodir bo‘lish ehtimoli;
  3. Boshqa xavflar bilan o‘zaro bog‘liqligi (Interconnectedness) – zanjirli ravishda boshqa inqirozlarni (iqtisodiy, gumanitar va h.k.) keltirib chiqarish kuchi;
  4. Tayyorgarlikning yetarli emasligi (Lack of preparedness) – dunyo hamjamiyati bu xavfga qanchalik ojiz va tayyor emasligi.

Barcha 28 ta xavf orasidan faqatgina “yirik miqyosli urush” ushbu to‘rtta mezonning har biri bo‘yicha tuzilgan reytinglarning barchasida kuchli oltitalikka (Top-6) kirgan.

Boshqa xavflar (masalan, sun’iy intellekt yoki ekologiya) qaysidir bitta yoki ikkita mezon bo‘yicha yuqori o‘rinda bo‘lishi mumkin, ammo aynan urush tahdidi bir vaqtning o‘zida ham eng yaqin, ham eng vahimali, ham eng og‘ir oqibatli va ham xalqaro hamjamiyat eng kam tayyor bo‘lgan xavf deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bugun dunyoda 60 dan ortiq qurolli mojaro davom etayotgani, bu Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri kuzatilmagan daraja ekani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing