JSST: “Yerning har beshinchi aholisi saratonga chalinadi”
Salomatlik
−
03 fevral 2021
11629Yer sayyorasining har beshinchi aholisi ertami-kechmi saraton kasalligiga chalinadi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yangiliklar markaziga asoslanib xabar berilgan.
Manbaga ko‘ra, har sakkizinchi erkak va har o‘n birinchi ayol ushbu kasallikdan vafot etadi.
Saraton kasalligi bilan bog‘liq o‘limning 70 foizi kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda sodir bo‘ladi.
"Darhaqiqat, saraton allaqachon har bir oila uchun muammo bo‘lib kelyapti. Kasallik dunyoda o‘limning ikkinchi asosiy sababiga aylangan", degan JSST vakili Andre Ilbavi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda o‘limning birinchi sababi yurak-qon tomir kasalliklari hisoblanadi.
Tashkilot mutaxassislarining ma’lum qilishicha, 2020 yilda 19,3 million kishi saraton kasalligiga chalingan. Ushbu kasallik natijasida 10 million kishi vafot etgan.
Eng keng tarqalgan saraton turi ko‘krak bezi saratonidir. Undan keyin o‘pka saratoni, yo‘g‘on ichak saratoni va prostata saratoni turadi.
JSST shuningdek, saraton kasalligi bolalar va o‘spirinlar orasida o‘limning asosiy sababiga aylangani haqida xabar bergan. Tashkilotga ko‘ra, har yili 400 ming bolada saraton kasalligi aniqlanadi.
LiveBarchasi