JSST vakili koronavirusdan jiddiy xavotirga tushmaslikka chaqirdi

Jamiyat

image
Xitoydan kelgan andijonlik 2 kishining tana harorati ko‘tarildi – Rasmiy manba north_east

Xitoydan kelgan andijonlik 2 kishining tana harorati ko‘tarildi – Rasmiy manba

Koronavirusdan kasallangan odamlarning 80 foizida xastalik yengil o‘tadi, qolgan 20 foizida og‘ir kechishi mumkin. Bu haqda JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens ma’lum qilmoqda. 

Sog‘liqni saqlash vazirligida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasining yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida avval xabar qilgan edik.

Unda ishtirok etgan JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Xitoyda yangi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi xalqaro darajadagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilinganini, ammo bu jiddiy xavotirga tushish yoki bo‘lmasa, butun dunyoni ushbu xastalik qamrab oldi, degani emasligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

“Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan kasallangan odamlarning 80 foizida xastalik yengil o‘tadi, qolgan 20 foizida og‘ir kechishi mumkin. O‘lim holati yuz berishi ehtimoli bo‘lgan 2-3 foizi esa ikkilamchi og‘ir, surunkali kasalliklarga chalingan, immun tizimi pasayib ketgan bemorlarga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu kasallikning oldini olishga qaratilgan tadbirlar uchta yo‘nalishda olib borilishi maqsadga muvofiq. Birinchi o‘rinda kasallik manbaini jilovlash, ikkinchisi, yuqishning oldini olish, uchinchisi esa, yuqtirib olish ehtimoli bo‘lgan aholini himoya qilishdir. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni e’tirof etgan holda to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Liann Kuppens. 

Videoselektorda ta’kidlanganidek, koronavirusni aniqlashda asosiy e’tibor tana haroratining ko‘tarilishiga qaratilsa-da, uning yashirin davri mavjud. Bu paytda kasallik belgilari to‘liq namoyon bo‘lib ulgurmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda vaziyatni nazorat qilish, xorijdan kelgan fuqarolarni tekshirish va kuzatuvga olish borasida barcha tayyorgarlik choralari ko‘rilgan. 

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi orasida turli vahimali, xususan, Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bunday holatda odamlar sohadan uzoq bo‘lgan shaxslar tomonidan tarqatilayotgan asoslanmagan  ma’lumotlarga emas, balki mutaxassislar xolis fikri va xulosalariga e’tibor qaratishlari kerak.

Eng muhimi, ayni kunga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar qayd etilmadi. 


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

144

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing