Xitoydan kelgan andijonlik 2 kishining tana harorati ko‘tarildi – Rasmiy manba
Jamiyat
−
02 fevral 2020
76139Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganicha yo‘q. Shunga qaramay mamlakatda tibbiyot xodimlarining xushyorligi har qachongidan kuchaytirildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi bugun, 2 fevral kuni ham mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanmagani haqida QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari dunyoning 23 ta davlati (Avstraliya, Vetnam, Germaniya, Kanada, Koreya, Kambodja, Malayziya, Nepal, Tailand, Singapur, AQSH, Fransiya, Shri-Lanka, Yaponiya, Filippin, Hindiston, Italiya, Finlyandiya, BAA, Ispaniya, Rossiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya)da 144 holatda koronavirus (2019-nCoV turi) infeksiyasi laboratoriya usulida tasdiqlangan.
Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 2020 yil 15 yanvaridan 2 fevral kuniga qadar 84 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va 1 nafar Yaponiyalik fuqaro murojaat qilgan. Ularning 12 nafarida tana harorati ko‘tarilganligi, birlamchi tibbiy yordamga muxtojligi sababli davolanishga yotqizilgan. Bugungi kunda 3 nafar bemor gripp va o‘tkir respirator infeksiyasi bilan davolanmoqda, ularda koronovirus infeksiyasi aniqlanmadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida Xitoy Xalq Respublikasidan kirib kelgan fuqarolar to‘g‘risida kundalik axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu fuqarolar to‘g‘risidagi ro‘yxat asosida xar bir sog‘liqni saqlash boshqarmalari va birlamchi tibbiy bo‘g‘inlar orqali xonadonma-xonadon yurib, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan o‘zbekistonliklar 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda. Ushbu tartib asosida joriy yilning 1 fevral kuni Andijon viloyatida Xitoy Xalq Respublikasiga borib-kelgan fuqarolarda olib borilgan tibbiy kuzatuvlar davomida 2 nafar fuqaroda tana harorati ko‘tarilganligi aniqlangan. Ushbu bemorlarga zaruriy muolajalar o‘tkazilgan, bemorlarning umumiy ahvoli qoniqarli, tana harorati me’yorida. Bemorlarda zudlik bilan laboratoriya tahlillari o‘tkazilgan va koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.
2020 yil 2 fevral kuniga qadar Agentlik qoshida tashkil etilgan shtab ishonch telefoni orqali 1500ga yaqin fuqarolarimizdan kelib tushgan savollarga javob berildi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 1 fevral kuni xorijiy davlatlardan 32 ta samolyot qabul qilingan, 4072 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan. Shulardan 20 nafari Xitoyda o‘qiydigan talabalardir. Termometriyadan o‘tkazilgan fuqarolar orasida 2 nafar O‘zbekistonlik va 1 nafar Rossiya fuqarosida tana harorati yuqoriligi aniqlangan, fuqarolarni barchasi Respublika Virusologiya ITI klinikasiga yotqizilgan.
Temir yo‘llari AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktlaridan jami 1006 nafar fuqarolar o‘tishgan, shulardan 132 nafari xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanmagan.
Davlat chegara posti orqali ko‘plab yo‘lovchi o‘tuvchi sanitariya-karantin punktlar Toshkent viloyatining “G‘isht-ko‘prik”, “Oybek”, Surxondaryoning “Ayraton”, “Gulbahor” hamda Andijon viloyatining “Do‘stlik” sanitariya-karantin punktlari orqali 333 ta avtotransportlar, 19137 nafar fuqarolar o‘tkazilgan, shulardan 6881 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan.
Xitoy Xalq Respublikasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha kuzatilayotgan murakkab epidemik vaziyat, bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.
LiveBarchasi