JSST samolyotda uchishi taqiqlangan yo‘lovchilar ro‘yxatini e’lon qildi
Olam
−
17 iyul 2023
8961Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) salomatligi tufayli havo layneri bortiga chiqishga ruxsat etilmaydigan yo‘lovchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 16 iyul kuni “The Belfast Live” xabar berdi.
“Aviakompaniyalar og‘ir ahvoldagi yoki parvoz paytida salomatligi yomonlashishi va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchilarni tashishdan bosh tortish huquqiga ega”, deyiladi JSST bayonotida.
Shuningdek, bu holatda yo‘lovchilar aviakompaniya shifokori tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishni talab qilishi mumkin. Agar ularda boshqa yo‘lovchilar yoki ekipaj a’zolariga parvoz paytida noqulaylik tug‘diradigan kasallik bo‘lsa, ularga tibbiy yordam kerak bo‘lishi mumkin.
Manbada aytilishicha, quyidagilar samolyotlarda uchishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar yoki holatlar sanaladi:
• tug‘ilganiga 48 soat to‘lmagan (yoki muddatidan avval dunyoga kelgan) chaqaloqlar;
• homiladorlikning 36-haftasi yoki undan ortiq davrida bo‘lgan ayollar (ko‘p homiladorlik uchun bu ko‘rsatkich 32 haftaga teng)
• stenokardiya va ko‘krak qafasidagi og‘riq, yuqumli kasalliklar, yurak-qon tomir tizimi xastaliklariga chalinganlar;
• yaqinda infarkt yoki insultni boshdan kechirganlar;
• tanada havo yoki gaz to‘planishi mumkin bo‘lgan jarohatlari bor va yaqinda oshqozon, ichak, ko‘z, yuz yoki bosh miya operatsiyalarini o‘tkazganlar;
• nafas olish tizimi bilan bog‘liq o‘tkir va uzoq muddatli xastaliklardan aziyat chekuvchilar;
• pnevmoniya tashxisi qo‘yilganlar;
• tinch holatda nafas qisishi xuruj qiluvchilar;
• o‘roqsimon hujayrali anemiyaga chalinganlar;
• pnevmotoraks (o‘pka teshilishi) aniqlanganlar;
• quloq infeksiyasi bor bemorlar;
• dekompressiya kasalligi bilan og‘riganlar;
• bosh miyada bosim oshishidan (qon ketishi, jarohatlar yoki infeksiya tufayli) qiynaladigan kishilar.
Ma’lumot uchun, turli aviakompaniyalarning qoidalari vaziyatga qarab har xil bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi