JSST koronavirusning eng yuqumli turini ma’lum qildi
Olam
−
26 iyun 2021
11952Koronavirusning “delta” shtammi hozirda kamida 85 mamlakatda mavjud va u infeksiyaga qarshi emlanmagan aholi orasida tez tarqalmoqda. Bu haqda Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus ma’lum qilgan.
“Delta” aniqlangan eng yuqumli COVID-19 variantidir. U kamida 85 mamlakatda uchradi va emlanmagan aholi orasida tez tarqalmoqda”, degan JSST rahbari.
U bir qator mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar yumshatilayotganiga va shu fonda dunyoda COVID-19 tarqalishi kuchayganiga e’tibor qaratgan. Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, SARS-CoV-2 ning yangi turlari paydo bo‘lishi haqidagi xabarlarni kutish kerak.
“Yuqtirish qancha ko‘p bo‘lsa, variantlar ham shuncha ko‘p bo‘ladi”, deya ta’kidlagan u.
Shu munosabat bilan Gebreyesus mamlakatlarni “COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun barcha mavjud vositalardan foydalanishga” chaqirgan. Gebreyesusning ta’kidlashicha, u sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalardagi choralar, shuningdek, barcha teng ravishda emlanishini ta’minlashni nazarda tutmoqda.
Avvalroq, JSST koronavirusning hindcha varianti — “delta” Xitoyning Uxan shahrida aniqlangan dastlabki shtammdan ikki baravar yuqumli ekanini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham koronavirusning Hindistonda paydo bo‘lgan xavfli “hindcha” shtammi aniqlangani haqida xabar berilgandi.