JSST bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurashish strategiyasini taqdim etdi

Salomatlik

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bachadon bo‘yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo‘yicha Global strategiyasini taqdim etdi. Taklif etilgan tavsiyalarni amalga oshirish asrning o‘rtalariga kelib kasallanishni 40 foizga kamaytirishga va 5 million o‘limning oldini olishga imkon beradi.

Buning uchun 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 90 foizini odam papilloma virusiga qarshi emlash bilan ta’minlash; ayollarning 70 foizini 35 yoshida va yana takroran 45 yoshida profilaktik tekshiruvdan o‘tkazish; bachadon bo‘yni kasalligi tashxisi qo‘yilgan ayollarning 90 foizini davolashni ta’minlash zarur.

“Bir paytlar har qanday saraton kasalligini bartaraf qilish shunchaki orzuga o‘xshar edi, ammo endi bizda uni amalga oshirish uchun moliyaviy samarali va dalillarga asoslangan usullar mavjud. Ammo, biz ushbu maqsadga dunyoning barcha davlatlari taklif qilingan tadbirlarni amalga oshirishga intilgandagina erisha olamiz”, deydi JSST Bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus.

Dunyo bo‘ylab saraton kasalliklarining tarqalishi bo‘yicha ayollar orasida bachadon bo‘yni saratoni to‘rtinchi o‘rinda turadi. Ushbu xastalik bilan kurashish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmagan taqdirda, 2018 yildan 2030 yilgacha yangi kasallanish holatlari yiliga 570 mingdan 700 minggacha, o‘lim holatlari esa yiliga 311 mingdan 400 minggacha ko‘payishi kutilmoqda.

JSST strategiyasini ko‘plab mamlakatlarning hukumatlari va jamoat tashkilotlari qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning nashr etilishi munosabati bilan dunyo bo‘ylab turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularning maqsadi – muammoga e’tiborni jalb qilishdir. Dunyoning turli mintaqalarida taniqli diqqatga sazovor joylar – Shimoliy Amerikadagi Niagara sharsharasidan tortib, Dubay Ramkasi va Avstraliya shaharlarining panoramalarigacha – firuza rangida tovlanadi (ushbu rang bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurashning timsoli hisoblanadi).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘tgan yildan boshlab qizlar odam papilloma virusiga qarshi emlanib kelinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

JSST bachadon bo'yni saratoni

Baholaganlar

26

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing