Joriy o‘quv yilida nomli davlat stipendiyalariga maxsus test o‘tkazilmaydi – vazirlik
Jamiyat
−
10 yanvar 1212 2 daqiqa
2025/2026 o‘quv yili uchun nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar uchun maxsus test sinovlari o‘tkazilmaydi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 dekabrdagi 840-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra nomli davlat stipendiyalarga talabgorlar uchun axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar bo‘yicha maxsus test sinovlari joriy etilgani munosabati bilan talabalar tomonidan murojaatlar tushmoqda.
Mazkur qaror bilan Prezident va nomli davlat stipendiyalarini tayinlashning yangi tartibi joriy etilgan bo‘lib, ushbu tartib 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab belgilangan talab va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Joriy o‘quv yili uchun nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining oliy ta’lim muassasasi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, hujjatlari belgilangan tartibda respublika bosqichiga yuborilgan talabalarga nisbatan maxsus test sinovlari o‘tkazilmaydi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 dekabrdagi 840-son qarori bilan magistratura mutaxassisligi hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Unga ko‘ra, Prezident va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlarning axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi, xorijiy tillar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalari Bilim va malakalarni baholash agentligida (hududlar bo‘yicha) maxsus test sinovlarini topshirishlari belgilangan.
Bunda:
- test sinovlari bo‘yicha o‘tish ballining quyi chegarasi to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 55 foizi hisoblanadi;
- to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 55 foizidan past ball to‘plagan, shuningdek, test sinovlariga qatnashmagan talabgorlar Prezident va nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilmaydi;
- baholash natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlarni shikoyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha 5 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi;
- Prezident va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlarning (magistratura mutaxassisliklari va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha) hujjatlari va erishgan natijalari mazkur qaror bilan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholanadi;
- talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS axborot tizimi orqali shakllantiriladi.
Shuningdek, nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan talabalarga muayyan ta’lim bosqichida nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida qayta ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.
Live
Barchasi