Pedagogika yo‘nalishi talabalari maxsus testdan o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Endi pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Pedagogika sohasidagi talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 3853-sonli nizomida so‘z boradi.
 
Unga ko‘ra, pedagogika yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash sifatini baholash maqsadida talabalarning bilimlari tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi. Tashqi diagnostika har o‘quv yilida bir marta pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari o‘rtasida test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.
 
Ma’lum qilinishicha, test sinovlari 50 ta savoldan iborat bo‘lib, ularni bajarish uchun talabalarga 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi va maksimal natija 100 ballni tashkil etadi.
 
Nizomga ko‘ra, tashqi diagnostikadan o‘tkazish uchun har o‘quv yilining sentyabr oyida maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan kamida 5 nafar malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuziladi.
 
Tashqi diagnostika natijalariga ko‘ra, o‘rtacha 56 ball va undan yuqori natija qayd etgan ta’lim yo‘nalishlari “talablarga javob beradigan”, 56 balldan past natija ko‘rsatgan yo‘nalishlar esa “talablarga javob bermaydigan”, deb baholanadi.

Bildirilishicha, mazkur diagnostika natijalari talabalarning joriy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va reyting ballariga ta’sir qilmaydi hamda pedagog kadrlar tayyorlash sifati holatini tahlil qilishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

talabalar maxsus test Pedagogika tashqi diagnostika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing