Davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi
Jamiyat
−
20 iyul 2621 2 daqiqa
2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari kesimida davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining joriy yil 15 iyuldagi 02/10-5795-sonli xatida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, respublika bo‘yicha 335 ming 471 nafar yuqori bosqich talabalari orasidan 776 nafar talaba davlat stipendiyasi sohibi bo‘ladi.
Davlat stipendiyalari quyidagicha taqsimlangan:
Prezident stipendiyasi – 187 ta;
Islom Karimov stipendiyasi – 194 ta;
Navoiy stipendiyasi – 175 ta;
Bobur stipendiyasi – 51 ta;
Imom al-Buxoriy stipendiyasi – 44 ta;
Beruniy stipendiyasi – 38 ta;
Ibn Sino stipendiyasi – 33 ta;
Abdulla Avloniy stipendiyasi – 16 ta;
Ulug‘bek stipendiyasi – 13 ta;
To‘lepbergen Qayipbergenov stipendiyasi – 11 ta;
Ibroyim Yusupov stipendiyasi – 11 ta;
Pahlavon Mahmud stipendiyasi – 3 ta.
Ajratilgan kvotalar oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari kesimida taqsimlangan. Eng ko‘p davlat stipendiyasi Qoraqalpoq davlat universitetiga – 14 ta ajratilgan. Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Urganch davlat universiteti hamda Farg‘ona davlat universitetiga 11 tadan, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent kimyo xalqaro universitetiga 9 tadan stipendiya kvotasi berilgan.
Hujjatga ko‘ra, Prezident va Islom Karimov stipendiyalari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha, Navoiy stipendiyasi gumanitar, Beruniy texnika, Ibn Sino tibbiyot, Bobur tarix va geografiya, Abdulla Avloniy pedagogika, Ulug‘bek tabiiy fanlar, Pahlavon Mahmud jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari talabalari uchun ajratilgan. Imom al-Buxoriy stipendiyasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalariga, To‘lepbergen Qayipbergenov hamda Ibroyim Yusupov stipendiyalari esa Qoraqalpog‘istondagi oliy ta’lim muassasalari talabalariga beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlarining umumiy qabul parametrlari tasdiqlangan edi.
Live
Barchasi