Jonson lavozimini saqlab qoldi
Olam
−
07 iyun 2022
5390Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson malakatdagi hukmron Konservativ partiya deputatlarining ishonch ovoz (votum)ini oldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ovoz berish jarayonida 211 deputat Jonsonni yoqlab, 148 deputat ishonchsizlik votumi uchun ovoz berdi. Shu tariqa u konservatorlar yetakchisi va mamlakat Bosh vaziri lavozimini saqlab qoldi.
“Ovoz berish jarayonida 211 deputat Boris Jonsonga ishonch bildirdi, 148 nafari qarshi ovoz berdi. Shunday qilib, men Konservativ partiyaning parlament fraksiyasi Bosh vazirga ishonchini saqlab qolganini e’lon qilishim mumkin”, degan oddiy parlamentariylarni birlashtirgan Konservativ partiyaning 1922 Qo‘mitasi rahbari Grem Breydi.
Ishonchsizlik votumini qabul qilish uchun hukmron Konservativ partiyaning 359 deputatidan kamida 180 nafarining ovozi zarur edi.
Avvalroq Konservativ partiya deputatlarining kamida 15 foizi, ya’ni 54 kishi Jonsonga ishonchsizlik maktubini “1922 qo‘mitasi” (Konservativ partiyaning Jamoalar palatasidagi parlament guruhi) raisi ser Grem Breydiga yuborgan. Bunday hollarda qo‘mita partiya yetakchisiga bo‘lgan ishonch masalalari bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazishi shart. Xatlarning sababi Bosh vazirning Dauning-stritdagi ziyofatlarda ishtirok etishi edi.
Jonson Buyuk Britaniyada COVID-19 ga qarshi kurash avjida bo‘lgan bir paytda Dauning-stritdagi ziyofat qatnashgani ma’lum bo‘lgach, bahslar markazida qolgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Britaniya rahbarlari bunday tadbirlarda ishtirok etib, mamlakatda o‘zlari joriy qilgan cheklov choralarini buzgan.
Vazirlar Mahkamasi xodimi Syu Grey tomonidan 2020-2021 yillarda koronavirus blokirovkalari avj olgan paytda Jonson qarorgohidagi bazmlar bo‘yicha o‘tkazilgan ichki tekshiruvdan so‘ng, partiya a’zolari orasida amaldagi Bosh vazirga bo‘lgan norozilik kuchaydi. Joriy yilning may oyi oxirida e’lon qilingan hisobotda Grey “Oliy boshqaruv ushbu amaliyot uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak” degan xulosaga keldi.
Bosh vazir bazmlarni birida qatnashgani uchun jarima to‘ladi va uzr so‘radi, biroq muxolifat talab qilganidek, iste’foga chiqishni yoki ishdan bo‘shashni rad etdi. Jonsoning fikricha, Ukrainadagi mojaro paytida uning lavozimini tark etishi mas’uliyatsizlikdir.
LiveBarchasi