Jonson Bayden bilan Rossiya va Xitoyga tegishli muammolar haqida gaplashdi 

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson va AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 22 sentyabr kuni Oq uyda uchrashdi. Uchrashuvda xalqaro muammolarni, shu jumladan Rossiya va Xitoyga tegishli muammolarni hal qilish London va Vashingtonning umumiy manfaatlariga asoslangan holda davom etishiga kelishib olindi. Bu haqda Britaniya Bosh vaziri idorasi xabar bergan.  

“Bosh vazir va Prezident, shuningdek Xitoy va Rossiyani o‘z ichiga olgan bir qancha xalqaro muammolarni muhokama qildi. Ular Buyuk Britaniya va AQSH bu masalalarga umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqib yondashishda davom etishiga kelishib oldi. Bosh vazir xalqaro harakatlarni rag‘batlantirishga yordam beruvchi Prezidentning demokratiya bo‘yicha sammitini orziqib kutayotganini aytdi”, deyilgan bayonotda. 

Bundan tashqari, tomonlar Afg‘onistondagi ittifoqchilarning harakatlarini muhokama qilgan. Ular bu mamlakatda halok bo‘lganlar xotirasini hurmat qilishning eng yaxshi usuli, mamlakatdagi gumanitar inqirozning oldini olish uchun barcha diplomatik va gumanitar imkoniyatlardan foydalanish bo‘ladi, degan xulosaga kelgan. 

Ular, shuningdek “Tolibon”ni xalqaro miqyosda tan olish harakat a’zolarining inson huquqlarini hurmat qilishiga bog‘liq bo‘lishi kerakligi haqida kelishib olgan. 

Bayden va Jonson mamlakatlar tomonidan iqlim masalasida berilgan va’dalarni bajarish va koronavirusga qarshi vaksinalar bilan ta’minlash bo‘yicha suhbatlashgan. 

Bundan tashqari, Prezident va Bosh vazir Avstraliya, AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi AUKUS mudofaa va xavfsizlik bitimining dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi rolini ta’kidlagan, shuningdek, bunday sheriklik umumiy qadriyatlarni va ikki mamlakatning global manfaatlarini ifoda etishi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jonson Bayden

Baholaganlar

89

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing