Netanyaxu va Bayden G‘azodagi vaziyatni muhokama qildi
Olam
−
19 mart
4421AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 18 mart kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan gaplashib, Rafahdagi vaziyat va G‘azoga yordamni oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
“Prezident Bayden Isroil va G‘azodagi so‘nggi o‘zgarishlar, jumladan, Rafahdagi vaziyat va G‘azodagi gumanitar yordamni ko‘paytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni muhokama qilish uchun Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan suhbatlashdi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Isroil hukumati matbuot xizmati esa Bayden va Netanyaxu o‘rtasidagi 45 daqiqalik telefon muloqoti bo‘lganini bildirdi.
Netanyaxu Bayden bilan G‘azodagi so‘nggi o‘zgarishlarni va Isroilning barcha maqsadlariga erishishdagi qat’iyatini muhokama qilganini ta’kidladi.
Hisobotda qayd etilishicha, Bosh vazir bu maqsadlarni “HAMASni yo‘q qilish, barcha mahbuslarni ozod qilish va G‘azo endi Isroil uchun xavf tug‘dirmasligini ta’minlash” deb sanab o‘tgan. Shuningdek, u Isroil G‘azoga “ushbu maqsadlarga erishish uchun zarur insonparvarlik yordamini” taqdim etishini aytgan.
Qayd etish joizki, 14 mart kuni AQSH Senatidagi Demokratik partiya yetakchisi Chak Shumer Isroilda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirgan va Netanyaxu tinchlikka to‘sqinlik qilayotganini aytgan. Ertasi kuni Bayden senatorning nutqini yuqori baholab, Shumer ko‘plab amerikaliklarning xavotirlarini bildirganini ta’kidlagan.
Netanyaxu esa CNN telekanaliga bergan intervyusida Shumerning nutqi “mutlaqo o‘rinsiz” ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti va Isroil Bosh vaziri oxirgi marta 15 fevral kuni telefon orqali suhbatlashgandi.