Jizzaxda yo‘l yoritilmagani sabab avtohalokatda bola vafot etdi
3-sahifa
−
26 iyun 2023
6123Joriy yilning 22 iyun kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 15 yoshli o‘smir yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtida avtohalokatga uchrab, halok bo‘ldi. Bu haqda “Davr” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, joriy yilning 22 iyun kuni soat 21:15 atrofida xalqaro ahamiyatdagi M39 “Toshkent-Termiz” yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida 15 yoshli o‘smir YTH oqibatida halok bo‘lgan. Hodisaga yigit yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tgani va ushbu yo‘l kechki payt yoritilmagani sabab bo‘lgan.
Mahalliy aholining aytishicha, yo‘l yoritilmagani sabab odam o‘limi bilan bog‘liq bu birinchi holat emas, bundan oldin ham 4−5 nafar odam vafot etgan.
“M-39 yo‘lidagi yoritish moslamalari Obodonlashtirish bo‘limining balansida, ular xizmat ko‘rsatadi. Texnik kamchiliklari bor, shuning uchun o‘chib turibdi, menimcha. Transformatrlari ulangan, faqat ularni yoqish kerak”, deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Oybek Sultonov.
G‘allaorol tumani Obodonlashtirish bo‘limi rahbari G‘ulom Oqmirzayev esa chiroqlar o‘tgan yili anomal sovuq tufayli energiyani tejash maqsadida o‘chirilgani, o‘shandan buyon yoqilmaganini, hokimiyat ruxsat bersagina yoqilishini aytgan.
“Tok bo‘yicha qarzdorlik mavjud emas, o‘tgan yili anomal sovuq tufayli o‘chirilgan. O‘shandan buyon yoqilmagan, hokimiyat ruxsat bersa, yoqamiz. Xodimlar bilan hamma lampochkalarni almashtirib chiqqandik. 90 foizi yonadi”, deydi u.
Biroq tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Sahob Ermanov uning so‘zlarini rad etdi.
“Hokimiyatdan elektr energiyasini tejash maqsadida o‘chirilsin degan buyruq berilmagan. Hozir ishchi guruh tuzib, masalani ko‘rib chiqib, bugun bartaraf etamiz”, deydi u.
Ta’kidlanishicha, ushbu yo‘lning 8 km qismi yoritilmaydi. Aytilishicha, 2023 yilning o‘zida yo‘lning shu qismida 12 ta YTH sodir bo‘lgan.
LiveBarchasi