Jizzaxda tibbiyot markazi 29 yillik eski uskunalarni sotib olgani ma’lum bo‘ldi

3-sahifa

image

Jizzax viloyatida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan tibbiyot uskunalari xarid qilishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

Mazkur tibbiyot markazi 2021 yil 22 dekabrdagi shartnomaga asosan “E.M.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 245,2 mln so‘mga 2021 yilda Germaniyada ishlab chiqarilgan “Eskulap” jarrohlik uskunalarini xarid qilishi belgilangan.

Tovar yetkazib beruvchi MCHJ tomonidan 2021 yil 28 dekabrdagi hisobvaraq-fakturaga ko‘ra, ushbu modeldagi jarrohlik uskunalari tibbiyot markaziga yetkazilgani haqida hujjat rasmiylashtirilgan.

Biroq o‘rganishlar mobaynida shartnomada keltirilgan uskunalar aslida mavjud emasligi, yangi tibbiy uskuna o‘rniga eski – 1994 yilda Rossiyada ishlab chiqarilgan jarrohlik uskunalari olib kelingani aniqlangan. Shuningdek, ular yaroqsiz holatda ekani ma’lum bo‘lgan.

Tibbiyot markazining mas’ul shifokor va xodimlari o‘z rahbariyatiga ushbu tibbiy uskunalar SanPiN (sanitariya qoidalari) talablariga javob bermasligi to‘g‘risida murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay, rahbariyat tomonidan holat bo‘yicha hech qanday chora ko‘rilmagan.

Mazkur holatlar yuzasidan to‘plangan materiallar agentlik tomonidan qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jizzax viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jizzax tibbiyot uskunalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing