Jizzaxda erkak kuyovi tomonidan o‘lasi qilib do‘pposlandi
3-sahifa
−
13:28 4461 3 daqiqa
Jizzaxda kelinlik uyidan qizining buyumlarini olib ketishga borgan erkak qizining eri va qarindoshlari tomonidan ko‘r bo‘lib qolgunicha do‘pposlandi. Bu haqda “Nemolchi” loyihasida xabar berildi. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ushbu holatni QALAMPIR.UZ’ga tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, uning qizi 2024 yilda U.A. ga turmushga chiqqan. Ular Jizzaxda yashab kelgan. To‘ydan keyingi ilk kunlardanoq eri qizni muntazam ravishda urib-do‘pposlab, haqoratlab va ruhiy tazyiq o‘tkazib kelgan. Hatto ayolining homiladorligi ham erni to‘xtatib qolmagan.
Qayd etilishicha, qiz ota-onasini xavotirga solmaslik uchun hammasiga chidab kelgan. Chunki u otasi uchun bunday munosabat haqidagi xabar og‘ir zarba bo‘lishini bilgan. Shu bois, u indamay chidagan, tanasidagi ko‘kargan joylarni esa yashirgan.
“Kelin yuzida tabassum bilan qaynona va erining ko‘nglini olishga uringan, balki bu ularning shafqatsizligini yumshatar, deb umid qilgan. Afsuski, bu yordam bermadi, qiynoqlar davom etaverdi. 2026 yil 23 may kuni tong saharda Nodira otasidan uni bu do‘zaxdan olib ketishini so‘radi”, deyiladi xabarda.
Loyihaga ko‘ra, qizning otasi uni Toshkentga olib ketgan. Bir necha kundan so‘ng esa qarindoshlari bilan birga qizining shaxsiy buyumlari, hujjatlari va nevarasining narsalarini olib ketish uchun Jizzaxga borgan. U yerda ularni bir necha kishi kutib turgan bo‘lgan. Nizo kelib chiqishi mumkinligini sezgan otasi va uning yaqinlari voqea sodir bo‘lishidan taxminan 45-60 daqiqa avval 102 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan. Biroq, otaning so‘zlariga ko‘ra, profilaktika inspektori SMS orqali “yarashib olsangiz, xabar bering”, deb yozgan. Biroq nizo shafqatsiz do‘pposlashga aylanib ketgan.
“Mening kuzatishimcha, asosiy zarbalarni T. va A.U. lar, ularning katta va kichik tog‘alari hamda menga noma’lum bo‘lgan novcha yosh yigit berishdi. Yiqilganimdan keyin ham urishda davom etishdi – meni tepishni boshlashdi. Oila a’zolarim menga yordam berishga urinishdi, lekin ularni kuch bilan ushlab turishdi. Zarbalardan hushimni yo‘qotdim, ammo yaqinlarimning aytishicha, hatto o‘shanda ham meni do‘pposlab, tepishgan”, deya tasvirlagan otasi keyingi voqealarni.
Manbaga ko‘ra, keyinchalik o‘sha profilaktika inspektori jabrlanuvchining o‘zini va uning oilasini hujum qilganlikda ayblashga uringan, ularning oilasini, shu jumladan 11 yoshli bolani ham bir necha soat davomida IIBda ushlab turgan.
Tibbiy hujjatlarda otada bosh miya jarohati, miya chayqalishi, chap ko‘zning shikastlanishi hamda peshona va qosh sohasidagi jarohatlar qayd etilgan. Ota chap ko‘zidan ayrilib, ko‘r bo‘lib qolgan, hozirda esa o‘ng ko‘zining ham ko‘rishi yomonlashib bormoqda.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1- qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Jizzax Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida kelin bir necha oy davomida unitaz suvini ichishga, suvarakka qarshi zaharni yeyishga majburlangani va ustidan qaynoq suv quyilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi